AsosiyJamiyat

Ko`p xotinlik reklamasi va yuzni to`sib yurishni taqiqlovchi qonun ma`qullandi

'Ko`p xotinlik reklamasi va yuzni to`sib yurishni taqiqlovchi qonun ma`qullandi'ning rasmi

Oliy Majlis Senatining qirq beshinchi yalpi majlisida «O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida»gi Qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, so`nggi paytlarda mamlakatimizda faqatgina diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikohlar soni va buning ortidan ko`p xotinlik holatlari ortib bormoqda. Shuningdek, reklama, ko`ngilochar va tahliliy materiallar orqali ko`p xotinlik va uning «afzalliklari»ni targ`ib qilish avj olmoqda. Buning oqibatida qonuniy nikohsiz tug`ilgan bolalar soni ham oshgan.

Respublika bo`yicha 2020 yilda 16 564 ta holatda tug`ilgan chaqaloqlar yolg`iz ona arizasi asosida ro`yxatdan o`tkazilgan bo`lsa, 2022 yilda ushbu ko`rsatkich 18 955 tani tashkil etgan.

Konstitusiyamizga asosan unda belgilangan huquq va erkinliklar faqat qonunga muvofiq va faqat konstitusiyaviy tuzumni, aholining sog`lig`ini, ijtimoiy ahloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta`minlash maqsadida zarur bo`lgan doirada cheklanishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bois mutasaddi idoralar tomonidan O`zbekiston xalqining ko`p asrlik tarixi va madaniy an`analarini inobatga olgan holda «O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi Qonun ishlab chiqildi.

Qonun bilan O`zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodekslariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish orqali milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ`ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o`rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma`muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Qonun bilan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo`lib yashashni targ`ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik uchun ma`muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi doirasida joriy etilgan axborot dasturlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida jamoat joylarida shaxsini identifikasiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to`sgan holda bo`lganlik uchun ma`muriy javobgarlik chorasi kiritilmoqda. Bunda, javobgarlikni istisno qiluvchi holatlar ham inobatga olinmoqda, deyiladi Oliy Majlis Senati xabarida.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullangan.

    Boshqa yangiliklar