Prezident Shavkat Mirziyoev “Ipak yo`li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilarini qutlab, tabrik yo`lladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e`lon qilindi.
Hurmatli kinofestival qatnashchilari!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, siz, azizlarni — dunyoning turli mamlakatlaridan diyorimizga tashrif buyurgan kino san`atining mohir ustalari, taniqli madaniyat va san`at arboblarini “Ipak yo`li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
O`zbek xalqi azaldan o`zining qadimiy tarixi, boy madaniyati, nafosat va go`zallikka mehr va e`tibori, jumladan, kino san`atini munosib qadrlashi bilan nom qozonib keladi. Milliy va jahon kino san`atining etuk namoyandalari tomonidan yaratilayotgan yuksak saviyali filmlar yurtimizda odamlarning, birinchi navbatda, yoshlarning ongi va tafakkurini insonparvarlik, do`stlik va hamjihatlik g`oyalari asosida shakllantirishdek ezgu ishga katta hissa qo`shmoqda.
Biz aynan mana shu omillarni hisobga olgan holda, 2021 yilda Toshkent xalqaro kinofestivalini “Ipak yo`li durdonasi” degan yangi nom bilan qayta tiklab, uni “Tinchlik, ma`rifat va taraqqiyot uchun” shiori ostida o`tkazishni yo`lga qo`ydik.
O`tgan qisqa vaqt ichida el-yurtimiz, millionlab tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan ushbu festivalning navbatdagi anjumani mamlakatimizda milliy kino san`atimizning 115 yillik sanasi keng nishonlanayotgan bir paytda bo`lib o`tayotgani ramziy ma`noga ega. Eng muhimi, Toshkent xalqaro kinofestivaliga bo`lgan e`tibor va qiziqish dunyo miqyosida tobora ortib bormoqda.
Bu galgi kinoforumda jahonning 50 dan ortiq davlatidan qariyb 300 nafar iste`dodli kino ustalari, qator xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etayotgani ham shundan dalolat beradi.
So`nggi yillarda Yangi O`zbekistonda barcha yo`nalishlar qatori kinematografiya sohasini rivojlantirishga ham alohida ahamiyat qaratilib, uning zamonaviy infratuzilmasi va mustahkam moddiy-texnik bazasi yaratilmoqda.
Kino san`ati vakillari, tizimda xizmat qilayotgan xodimlarning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish, sohada nodavlat sektorni qo`llab-quvvatlash bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham ijobiy natijasini bermoqda.
Bugun o`z ishini boshlayotgan XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida o`tkaziladigan filmlar namoyishlari, ijodiy uchrashuv va muloqotlar barcha ishtirokchilarga qizg`in ijodiy kayfiyat va ilhom bag`ishlab, ularni yangi-yangi rejalar sari ruhlantiradi, deb umid bildiraman.
Shuningdek, navqiron kinoijodkorlar o`rtasida qisqa metrajli filmlar yaratish bo`yicha tashkil etiladigan ijodiy tanlov ular uchun o`ziga xos tajriba va mahorat maktabi vazifasini o`tashi shubhasiz.
Festival davomida sizlar O`zbekistonda nafaqat kinematografiya sohasida, balki barcha ustuvor yo`nalishlarda inson qadri va manfaatlarini ta`minlash yo`lida olib borilayotgan keng ko`lamli islohotlar bilan ham bevosita tanishish, san`asevar xalqimiz bilan yaqindan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo`lasizlar.
Siz, azizlarni XV Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali ochilishi bilan yana bir bor qutlab, ushbu anjuman chinakam san`at bayrami, tinchlik va do`stlik ramziga aylanadi, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam salomatlik, ijodiy yutuqlar, kinofestival ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoev