AsosiyDunyo

Germaniyada muzey xodimi rasmlarni soxtasiga almashtirib, asl nusxalarini auksionda sotib yubordi

'Germaniyada muzey xodimi rasmlarni soxtasiga almashtirib, asl nusxalarini auksionda sotib yubordi'ning rasmi

Germaniya sudi Myunxendagi muzeyda bir nechta rasmni soxtasiga almashtirgan va asil nusxalarini auksionda sotgan muzey xodimiga hukm o`qidi. 30 yoshli erkak bir yilu 9 oy muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, u 60 ming evrodan ortiq tovon puli to`lashi kerak, deya yozmoqda Zamon.uz. 

Xodim muzeydagi eksponatlar saqlanadigan joyga kirish huquqiga ega bo`lgan. U Frans fon Stukning “Qirol qurbaqa haqidagi ertak” kartinasini osongina soxta suratga almashtirdi. Shundan so`ng rasmni katta bobosiga tegishli deb ko`rsatib, asil nusxasini kimoshdi savdosiga qo`ydi va Shveytsariyadagi galereyaga 70 ming evroga sotdi.

Shuningdek, u muzey omboridan “Sharob tatib ko`rish” va “Tog`larda o`tin terib yurgan ikki qiz” asarlarini o`g`irlagan. Ular uchun jinoyatchi taxminan 12 ming evro olgan.

Bu ishni muzey baholovchisi payqadi, u rasmlardan biri to`g`ri o`lchamda emasligini aniqladi. Muzeyda soxta narsa borligi ma`lum bo`lgach, mutaxassislar boshqa asarlarni tekshirgan.

Muzey xodimi olgan 60 617 evroni qarzlarini to`lash va dabdabali hayot kechirish uchun sarflagan. U o`ziga yangi kvartira, qo`l soati va hashamatli Britaniya mashinasini sotib olgan.

    Boshqa yangiliklar