Joriy yilning 4 oktyabridan Diversity Visa lotereyasida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlanadi.
Shu munosabat bilan AQShning O`zbekistondagi elchixonasi DV-2025 (Diversity Visa – Green Card) dasturiga murojaat etish bo`yicha 10 ta muhim maslahat berdi.
1-maslahat: dvprogram.state.gov sayti orqali, dastur talablariga javob berish shartlari bilan tanishib chiqing. Dastur talablariga javob bermasangiz, dasturda ishtirok etmang.
2-maslahat: Faqatgina AQSh hukumatining rasmiy veb-saytlarida keltirilgan ma`lumotlarga tayaning. 2025 yilgi dastur bo`yicha ma`lumotni taqdim etuvchi yagona rasmiy manba – “gov” bilan yakunlangan veb-saytlar hisoblanadi.
3-maslahat: dvprogram.state.gov sayti orqali arizangizni topshiring. Bu dasturda ishtirok etishning yagona yo`lidir. Soxta veb-saytlar yoki firibgarlarga aldanib qolmang.
4-maslahat: Dasturda ishtirok etish uchun ariza topshirish bepul. Arizangizni pul evaziga to`ldirib berishni taklif etadigan yoki to`lov orqali dasturda imkoniyatingizni oshirib berishni va`da qiladigan shaxslardan ehtiyot bo`ling.
5-maslahat: Oxirgi olti oy ichida olingan fotosuratdan foydalaning. Ariza topshirish vaqtida eski fotosuratdan foydalanish, dasturdan chetlashtirilishga sabab bo`ladi.
6-maslahat: Bir ishtirokchi faqatgina bir marta ariza topshirishi mumkin. Bir dastur mavsumi davomida, bir martadan ko`p ariza topshirgan shaxslar dasturdan chetlashtiriladi.
7-maslahat: Siz bilan birga sayohat yoki immigrasiya qilmaydigan taqdirda ham, arizangizga turmush o`rtog`ingiz va 21 yoshdan kichik va turmush qurmagan barcha farzandlaringizni kiritishingiz kerakligini yodda tuting. Dasturda ishtirok etish uchun tanlangan holatingizda ham, arizangizga xato yoki to`liq bo`lmagan ma`lumot kiritgan bo`lsangiz, dasturdan chetlashtirilishingizni inobatga oling.
8-maslahat: Maxsus tasdiqlov raqamingizni (confirmation number) saqlab qo`ying. 2024 yilning may oyida dastur bo`yicha tanlov natijangizni tekshirish uchun sizga ushbu raqam kerak bo`ladi.
9-maslahat: Dastur bo`yicha tanlov 2024 yilning may oyida bo`lib o`tadi. Dasturda ishtirok etish uchun tanlab olinganingiz haqida ma`lumotga ega bo`lishning yagona yo`li dvprogram.state.gov/ESC sayti orqalidir. Biron-bir xat yoki elektron pochta orqali kelgan e`lonlarga aldanib qolmang, bu turdagi xatlar firibgarlik usuli ekanligini yodda tuting.
10-maslahat: Dasturda tanlab olinganlik, viza uchun suhbatda ishtirok etish yoki viza olish kafolatini bermasligini yodda tuting.