Rossiya prezidenti Putin 23 avgust kuni Tver viloyatidagi aviahalokatda halok bo`lgan Vagner PMS asoschisi Evgeniy Prigojin va boshqa odamlarning jasadlaridan granata bo`laklari topilganini ma`lum qildi, deb yozadi BBC.
“Kecha kuni Tergov qo`mitasi rahbari menga aviahalokatda halok bo`lganlarning jasadlaridan qo`l granatalari bo`laklari topilgani haqida xabar berdi. Samolyotga hech qanday tashqi ta`sir ko`rsatilmagan. Bu allaqachon tasdiqlangan fakt — Rossiya Federasiyasi Tergov qo`mitasi tomonidan o`tkazilgan ekspertiza natijalari”, — dedi Putin.
Putinning so`zlariga ko`ra, Prigojin samolyoti halokati bo`yicha tergov hali yakunlanmagan.
Eslatib o`tamiz, 23 avgust kuni Tver viloyati, Bologovskiy tumani, Kujenkino qishlog`i yaqinida samolyot halokatga uchradi. Yo`lovchilar ro`yxatida Evgeniy Prigojin ham bor edi. Federal havo transporti agentligi halokatga uchragan Embraer yo`lovchilari ro`yxatini e`lon qildi. 27 avgust kuni Rossiya Federasiyasi Tergov qo`mitasi Evgeniy Prigojinning o`limini tasdiqladi.
Prigojin 2023 yil iyun oyida to`satdan boshlagan qo`zg`oloni bilan esda qoldi.






