Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimcha kiritildi
“Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi qonunga kiritilgan o`zgartirishga ko`ra, viloyatlar sog`liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi rahbarlari har yarim yillik yakunlari bo`yicha tegishincha xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hisobot taqdim etadi.
Mazkur hisobotni eshitish yakunlari bo`yicha tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan ularning faoliyati samaradorligiga baho beriladi hamda tegishli qaror qabul qilinib, qaror Sog`liqni saqlash vazirligiga yuboriladi.
Bundan tashqari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining rahbarlari har yarim yillik yakunlari bo`yicha tegishincha xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga hisobot taqdim etadi.
Mazkur hisobotni eshitish yakunlari bo`yicha tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan qaror qabul qilinib, qaror sog`liqni saqlashni boshqarish hududiy organlariga yuboriladi.
Shuningdek, “Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari to`g`risida”gi qonunga kiritilgan o`zgartirishga ko`ra, fuqarolar yig`ini, tegishincha aholi biriktirilgan, tuman (shahar) ko`p tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlari rahbarlarining axborotini eshitadi.
Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.
06.10.2023 15:06
Endi Sog`liqni saqlash boshqarmalari xalq deputatlari Kengashlariga hisobot beradi






