Bugun Toshkent shahar sudida “Dok-1 Maks” ishi bo`yicha navbatdagi sud majlisi bo`lib o`tdi. Sud jarayoniga sudya Muso Yusupov raislik qildi, deya xabar bermoqda jurnalist Xurshid SULTONOV.
Bu galgi sud majlisida advokatlardan biri “MY5” telekanalida 2023 yil 5 oktyabr kuni efirga uzatilgan “MARKAZIY STUDIYA” ko`rsatuvining mazkur sud majlisiga oid lavhasiga nisbatan iltimosnoma taqdim etdi.
Ya`ni advokat telelavhada sudlanuvchilar tomonidan orttirilib sotilgan dori vositalari taxminan 80-100 million so`m ekanligi taxmin qilinayotganini ta`kidlaganiga e`tiroz bildirib, jurnalistlarni ogohlantirib qo`yishni so`radi.
Ammo tanaffus paytida telelavhani ko`rib tahlil qilgan sudlov hay`ati muxbir tomonidan noto`g`ri axborot tarqatilmagan deb topdi.
Keyingi galda sudlanuvchi F.F va I.M.ning ko`rsatuvlari eshitildi.
Qolaversa, advokatlar va boshqa sudlanuvchilar ularga vakolatlariga oid savollar bilan, xususan dori vositalarini sertifikatlash jarayoni hamda dori vositalaridan namuna olish tartibi bo`yicha murojaat etishdi.
Bundan tashqari, qamoq ehtiyot chorasi qo`llangan J.E va Sh.Sh o`rtasida yana pul oldi-berdisi bilan bog`liq bahsli savol-javob bo`ldi.
Jumladan, Sh.Sh J.E.dan o`ziga hindistonlik tadbirkorning pulini olib kelib berganligini isbotlab berishini talab qildi. Shu bilan sud tergovi yakunlandi.
Shundan so`ng sud guvohlar va jabrlanuvchilarning ko`rsatmalarini eshitishni boshladi. Dastlab guvoh – O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” davlat unitar korxonasi etakchi mutaxassisi S.A. ko`rsatuv berdi.
Uning ta`kidlashicha, bo`lim boshlig`i Sh.Sh unga “Quramax” MChJ guvohnomasini orqa sana bilan ro`yxatga olishni topshirgan. Biroq etakchi mutaxassis bundan bosh tortgan. Shunga qaramay, jamiyatga avvalgi sana bilan guvohnoma rasmiylashtirib berilgan.
Sud 2023 yil 9 oktyabr kuni o`z ishini davom ettiradi.