AsosiyJamiyat

Olimpiya o`yinlari sovrindorlari O`zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrif buyurishdi

Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasida Rio-de-Janeyroda bo`lib o`tgan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarining g`olib va sovrindorlari mehmon bo`lishdi. Bu haqda O`zbekiston MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda

“INFOLIB–2016” V Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda  O`zbekiston iftixorlari - Olimpiya o`yinlari chempioni Fazliddin G`oyibnazarov, Olimpiya o`yinlarining bronza medali sohiblari Rustam To`laganov, Murodjon Ahmadaliev va Ixtiyor Navro`zov, shuningdek Milliy olimpiya qo`mitasi va O`zbekiston boks federasiyasi vakillari, axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari, Toshkent shahri maktab, kollej va lisey o`quvchilari hamda Milliy kutubxona foydalanuvchilari qatnashdilar.

Tadbirni ochiq deb e`lon qilar ekan O`zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Xodjaev “INFOLIB – 2016” Milliy axborot- kutubxona haftaligi bilan barcha ishtirokchilarni, mehmonlarni qutladi va mustaqillik yillarida O`zbekiston sportchilarining jahon miqyosida qo`lga kiritayotgan yutuqlari taxsinga sazovorligi, shuningdek, Rio-de-Janeyrodagi O`zbekiston Olimpiya terma jamoasining muvaffaqiyati haqida so`zladi.

Darxaqiqat, O`zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi arafasida sportchilarimiz tomonidan jahon arenalarida erishilgan yutuqlar mamlakatimiz sport tarixiga oltin harflar bilan bitiladigan bo`ldi. Ayniqsa Braziliyadagi Olimpiya o`yinlarida o`zbek sportchilari tomonidan 4 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza, jami 13 ta medal qo`lga kiritilishi, yakunda delegasiyamiz umumjamoa hisobida jahonning 207 mamlakati orasida faxrli 21-o`rinni egallashi chindan ham butun dunyoni hayratga soldi.

Tadbirda sportchilarimiz nafaqat o`zlarining sportga bo`lgan qiziqishlari, qanday qilib katta sportga qadam qo`yganliklari, qo`lga kiritgan yutuqlari va Olimpiya o`yinlaridan olgan taassurotlari, balki qanday kitoblarni sevib mutolaa qilishlari, musobaqalarga tayyorgarlik jarayonida kitob o`qish ruhiy tayyorgarlik masalasida qanchalar muhim ahamiyat kasb etishi xaqida ham so`zlab berishdi.

Tadbir qatnashchilari shuningdek o`zlarini qiziqtirgan ko`plab savollariga javob oldilar va tashkilotchilariga o`z minnatdorchiliklarini izhor etib, bu kabi tadbirlar yosh avlodni sportga bo`lgan qiziqishlarini yanada oshirishga, shuningdek ko`proq bo`lajak chempionlar etishib chiqishiga ilhomlantirishini aytib o`tdilar. 

Tadbir so`nggida yosh talabalar sportimiz yulduzlari bilan suratga tushish va ulardan dastxatlar olishga ham ulgurishdi. Bir so`z bilan aytganda tadbir nihoyatda samimiy va hayajonli ruhda bo`lib o`tdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar