AsosiyJamiyat

O`zbekiston maktablarining eng yaxshi o`quvchilarining “Ziyolilar” to`plami loyihasida ishtirok etish uchun arizalar qabuli ochildi

'O`zbekiston maktablarining eng yaxshi o`quvchilarining “Ziyolilar” to`plami loyihasida ishtirok etish uchun arizalar qabuli ochildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi hamda “Ziyo forum” ilm-fan va ta`lim-tarbiyani rivojlantirish jamg`armasi mamlakatimiz maktab o`quvchilari uchun o`ziga xos loyihani boshlamoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Loyiha doirasida 1-11-sinflarning eng iqtidorli, ilg`or, tashabbuskor o`quvchilari aniqlanadilar va “Ziyolilar” almanax to`plamining qahramoniga aylanadi.

Loyihadan ko`zlangan maqsad turli yo`nalishlarda faol bo`lgan istiqbolli yoshlarni qo`llab-quvvatlashdir. “Ziyolilar” almanaxi mamlakatimiz ijtimoiy-madaniy salohiyatini yuksaltirish, xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

“Loyihadan ko`zlangan asosiy maqsad maktab o`quvchilarining faol hayotiy pozisiyasi, erishgan yutuqlari, noyob hikoyalarini aniqlash va yoritishdan iboratdir. Yangi avlod uchun namuna bo`la oladigan o`quvchilarni ommaga tanitish. Ommaviy axborot vositalarining e`tiboridan chetda qolgan yorqin hikoyalarni ommalashtirish. 
Ziyolilar qahramonlari – bilim olish, intilish, rivojlanish zarurligini isbotlovchi shaxslardir. Biz esa, o`z navbatida, bu qahramonlarni mamlakatimizning barcha hududlarida tanitishga tayyormiz. Loyihada ishtirok etish – bu o`z hikoyangiz, mutlaqo boshqa yo`nalishlarda munosib natijalar bilan bo`lishish va kuchli yuztalikka loyiq ekaningizni isbotlash uchun sog`lom raqobatda ishtirok etish uchun imkoniyatdir, – deydi “Ziyo forum” ilm-fan va ta`lim-tarbiyani rivojlantirish jamg`armasi direktori Bobur Farmonov.

Loyiha qahramonlari, o`z navbatida, nashr etilgan TOP 100ta maktab liderlari to`plamiga kiritilgan holda tarixda qoladilar. Loyihaning har bir qahramoni esdalik sertifikati, individual professional fotosessiyaga ega bo`ladilar va kelajakda o`z ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda almanax tashkilotchilari tomonidan qo`llab-quvvatlanadilar.

“Umid qilamanki, ushbu to`plam yoshlar uchun o`ziga xos motivasiya manbai bo`lib, kelajakda katta ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga munosib hissa qo`shadi, — deydi Maktabgacha va maktab ta`limi vaziri Hilola Umarova. — Ertangi kunini bugundan o`ylagan har bir o`quvchi shu kabi loyihalarda faol ishtirok etib, iqtidorini tarbiyalab borishi lozim.

“Ziyolilar” almanax to`plami qahramonlari aynan maktab o`quvchilari orasidan tanlab olinishi tizim etakchisi sifatida menga mamnuniyat bag`ishlaydi, albatta. O`quvchilarimiz loyiha doirasida o`zlarining bilim va tashabbuslari, kreativ g`oyalarini taqdim etib, hamisha saralar safida bo`lishlariga ishonaman.

Barcha ishtirokchilarga omad tilayman”.

Tanlov jarayonida turli yo`nalishlarda natijalarga erishgan maktab o`quvchilarining noyob hikoyalari ko`rib chiqiladi: san`at, madaniyat, gumanitar va aniq fanlar, IT, ijodkorlik, sport, robototexnika va boshqalar. Yosh avlod uchun munosib ibrat va motivasiya bo`la oladigan maktab o`quvchilari hayotidan ta`sirchan, ilhomlantiruvchi hikoyalar e`tibordan chetda qolmaydi. Ishtirokchilarni saralash Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi hamda “Ziyo forum” ilm-fan va ta`lim-tarbiyani rivojlantirish jamg`armasi vakillaridan iborat maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Tanlov jarayonida ishtirokchi hikoyasining o`ziga xosligi, yutuqlari, g`alabalari, ilova qilingan motivasiya xati va boshqalar hisobga olinadi.

“Ziyolilar” qahramonlari oladigan asosiy qadriyat bu yangi muloqot doirasi, mamlakatning eng yaxshi talabalari jamoasidagi mustahkam tarmoqdir. Bunday jamiyatda ishtirokchilar yanada katta, umumiy maqsadlarga erishish uchun birlasha oladilar. Biz esa ishtirokchilarning eng qiziqarli loyihalarini moliyaviy va texnik jihatdan qo`llab-quvvatlashga tayyormiz”, - deydi Bobur Farmonov.

“Ziyo forum” ilm-fan va ta`lim-tarbiyani rivojlantirish jamg`armasi o`tgan yillarda ham yosh olim va tadqiqotchilar, shuningdek, O`zbekiston etakchi talaba-yoshlarini almanaxlarda birlashtirgan edi. Bu yil “Ziyolilar” loyihasi doirasida 1-11-sinflarning iqtidorli o`quvchilari, bo`lajak yurt etakchilari aniqlanadi.

Loyihada ziyolilar.school sayti orqali o`zbek yoki rus tilida anketani to`ldirib, ishtirok etish uchun ariza topshirish mumkin.

    Boshqa yangiliklar