Kuni kecha Toshkentda jamoat transportida yangi, qo`shimcha va rag`batlantiruvchi tariflar joriy etilishi haqida xabar bergan edik.
Deputat Doniyor G`aniev bu borada radikal taklif bilan chiqdi.
Uning X tarmog`idagi sahifasida qoldirgan taklifiga ko`ra, avtobuslarni hammaga bepul qilish mumkin. Bu byudjetga qo`shimcha 300 mlrd so`mga tushadi. Ammo buni qoplashning ham o`z manbasi bor.
”Hozirgi hisob-kitobda shahar hokimiyatiga yiliga qo`shimcha 300 mlrd so`mga tusharkan. Bu pullarni shahar markaziy qismiga kiradigan moshinalarga kunlik soliq solish orqali qoplasa bo`ladi”, – deydi deputat.
G`anievning hisob-kitoblariga ko`ra, masalan, poytaxt markazida harakatlanuvchi avtomobillarga bir kun uchun 1 AQSh dollari miqdorida soliq solinsa va agar shahardagi bir kunlik 500 mingta mashinadan 20 foizi, ya`ni 100 mingi shahar markazida harakatlanadi deb olinsa, kuniga 100 ming AQSh dollarni tashkil qiladi.
”Bu odamlarda avtobusdan ko`proq foydalanishga, moshinadan kamroq foydalanishga rag`bat bo`ladi. ”Probka”lar kamayadi, yo`l harakati sal tartibga keladi”, – deb yozadi deputat.
U, shu bilan birga, bu taklifi ishlashi uchun birinchi navbatda transport xizmati faoliyati, hisob-kitobi to`liq ochiq va shaffof bo`lishi lozimligini, qo`shimcha samarasizlik va o`g`rilikka etaklamasligi kerakligini ta`kidlaydi.
Operasion xarajatlarni qisqartirish hisobiga haydovchilar oyligini oshirishga ham imkon bo`lishini yozgan.






