Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning O`zbekistonga rasmiy tashrifi sabab 2 noyabr kuni Samarqand shahrida bir necha ko`chalar yopiladi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB Matbuot kotibi Jahongir Sa`dullaev ma`lum qildi.
“Samarqand shahrining Ibn Sino, Rudakiy, Bo`stonsaroy, Motrid, Sadriddin Ayniy, Shoxizinda, Universitet hiyoboni, Registon, Mirzo Ulug`bek ko`chalarida, shuningdek, M-39 va M-37 avtomobil yo`llarining Samarqand shahar, Samarqand, Oqdaryo va Payariq tumanlari hududidan o`tgan qismlarida avtotransport vositalarining harakati cheklanadi”, deyiladi Sa`dullaevning rasmiy xabarida.
Xabarda aytilishicha, harakat qatnovi cheklangan ko`chalarda bemorlar va shoshilinch tez tibbiy yordamga zarurati bor fuqarolarga, shuningdek, favqulodda vaziyatlar xodimlariga istisno tariqasida harakatlanish uchun ruxsat beriladi.
Viloyat IIB Samarqand shahriga Respublikaning boshqa hududlaridan, hamda viloyatning shahar-tumanlaridan borayotgan fuqarolarga 2 noyabr kuni belgilangan rejalarini boshqa kunga ko`chirishni tavsiya etgan.






