O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning haykalini o`rnatish masalasi 8 dekabr kuni Moskva shahar dumasi qoshidagi monumental san`at bo`yicha Komissiya yig`ilishida ko`rib chiqiladi.
Katta ehtimollar bilan ushbu masala ijobiy hal etiladi. Bu haqda TASS nashriga komissiya raisi, Rossiyada xizmat ko`rsatgan arxitektor Igor Voskresenskiy xabar berdi.
“Haykal o`rnatish masalasi davlatlararo muhokama etildi va bu masala ijobiy hal bo`lishi shubhasiz”, - deydi Voskresenskiy.
“Haykal shaharning Polyanka ko`chasi yaqinida, elchixona yonidagi Karimov nomi bilan yuritiladigan hiyobonda o`rnatiladi”, - deydi u.
Voskresenskiyning so`zlariga ko`ra, vafot etgan davlat rahbarlariga haykal o`rnatish Moskvada o`ziga xos an`anaga aylanib ulgurgan. Shaharda Xo Shi Min, Georgiy Dimitrov, Indira Gandilarning haykallari mavjud.





