Avval xabar qilganimizdek, Toshkent metropoliteni "Erusti halqa yo`li" yo`nalishining II bosqichini foydalanishga topshirish ishlari doirasida 2023 yil 3-5 noyabr kunlari, 3 kun muddatga, "Tolariq" (10-bekat), "Xonobod" (11-bekat) va "Quruvchilar" (12-bekat) bekatlarida poezdlar harakati to`xtatildi.
Shu munosabat bilan, yo`lovchilar tashish uzluksizligini ta`minlash maqsadida yo`nalish bo`ylab avtobuslar harakati yo`lga qo`yildi. Bu haqda "Toshshahartransxizmat" AJ Axborot xizmati xabar qilmoqda. Xususan:
- 1M-sonli “Chinor bekati – Quruvchilar bekati” oralig`ida harakatlanuvchi avtobus yo`nalishi harakati Qiyot metro bekatigacha uzaytiriladi. Ushbu yo`nalishda harakatlanuvchi avtobuslar soni 5 ta etib belgilandi. Yo`nalishda "King Long" rusumli 18 metrli avtobuslar tasarruf etiladi. Yo`nalishdagi avtobuslar oraliq interval vaqti 10 daqiqa etib belgilandi. Yo`nalish faqatgina metro bekatlarida yo`lovchilarni avtobuslarga chiqarib tushirishni amalga oshiradi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda, erusti halqa metro yo`nalishining Qiyot bekatidan Quruvchilar bekatigacha bo`lgan oralig`ida 2 ta (55, 130-sonli) avtobus yo`nalishlari muntazam faoliyat yuritmoqda. Ushbu yo`nalishlarda jami 22 ta "Yutong SNG" avtobuslari 10-12 daqiqalik oraliq interval bilan harakatlanadi. Metropoliten xizmatlaridan foydalanuvchi yo`lovchilar 55, 130-sonli avtobus yo`nalishlari xizmatlaridan ham foydalanishlari imkoniyati mavjud.






