Bugun, 3 noyabr kuni soat 07:57 lar atrofida "Beruniy" bekatiga kirib kelgan 33-sonli harakat tarkibi, aylanma yo`lga kirishidan oldin metropoliten xodimlari tomonidan tekshirilganda, vagon ichida nazoratsiz buyum mavjudligi aniqlangan. Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, yo`lovchilar va harakat xavfsizligini ta`minlash maqsadida, belgilangan yo`riqnomaga asosan, ushbu poezd tekshiruv yo`lagiga yuborilgan. Tekshiruv natijalari davomida ushbu nazoratsiz buyum yo`lovchilardan birining shaxsiy buyumi ekanligi aniqlangan.
Buning natijasida esa yo`nalishdagi poezdlar belgilangan jadvaldan bir muddat kechikkan holda harakatlangan.
"Shu o`rinda yo`lovchilardan metro xizmatidan foydalanishda o`z shaxsiy buyumlariga e`tiborli bo`lishlarini yana bir bor eslatib o`tamiz. Bu metro poezdlari yo`nalishlarda belgilangan jadvalga asosan harakatlanishi uchun asosiy turtki bo`layotganini ma`lum qilamiz", - deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, joriy yilning 27 oktyabr sanasi soat 19:10 lar atrofida "Texnopark" bekatiga kirib kelgan 83-sonli harakat tarkibi metropoliten xodimlari tomonidan tekshirilganda, yo`lovchilardan birining shaxsiy buyumi qolib ketgani va buning natijasida poezd harakati kechikkan edi.