Barchaga ma`lumki mukammal jamoat transporti tizimi nafaqat yo`llardagi tirbandlikning oldini olishda, balki yo`lovchilarning xavfsiz va tezkor harakatlanishida, ekologiyaga bo`lgan yukni kamaytirishda ham asosiy o`rinni egallaydi.
Shu bilan birgalikda, Toshkent shahri aholisi va poytaxtimiz mehmonlari tomonidan jamoat trasportidan keng foydalanilishi mazkur sohani rivojlantirishga bo`lgan ehtiyojni yana dolzarb masala qilib qo`ymoqda.
Bugungi kunda Toshkent shahrida 5 mln aholi bo`lib (doimiy yashovchi 2,9 mln, kunlik shaharga kelib ketuvchi 1,5 mln, vaqtinchalik istiqomat qiluvchi aholi 0,5 mln), bu raqam yiliga o`rtacha 100 mingtaga oshmoqda. Toshkent shahrida ro`yxatdan o`tgan avtotransport vositalari 760 mingga etgan (yiliga 76 mingtaga ortib bormoqda), transport vositalari doimiy harakatlanadigan asosiy yo`l ko`cha tarmoqlari uzunligi esa 470 km bo`lib, 380-400 ming avtotransport harakatlanishiga mo`ljallangan.
Shu bilan birga kunlik shaharga kirib chiquvchi avtotransport soni 160-220 ming atrofida bo`lib, kun davomida shahar yo`llarida 900 mingga yaqin avtotransport navbatma-navbat harakatlanmoqda. Bu esa yo`l tarmog`i 2 barobar ko`p avtotranportyuklamasiga xizmat qilayotganini anglatadi.
Transportda harakatlanishning 25 foizi, ya`ni 1,5 millioni avtobus, metro, mikroavtobuslarda, qolgan 4,5 millioni shaharda kun davomida harakatlanadigan 900 mingavtotransportda amalga oshiriladi.
Transport oqimini samarali boshqarish tizimi yo`qligi sababli tirbandliklarda harakat tezligi 7 km/soatgacha tushib ketishi, aholining yo`lga sarflaydigan vaqti bundan 3 - 4 yil oldingiga nisbatan qariyb ikki barobarga ortgani, oqibatda sekin harakatlanayotgan transportlarning ortiqcha yoqilg`i sarfi va zararli gazlar hajmi, iqtisodiy yo`qotishlar va mamlakatimiz ekologiyasiga zarar ham ortib bormoqda.
Aholini shaharda harakatlanishga bo`lgan ehtiyojini to`liq, sifatli va xavfsiz jamoat transporti bilan ta`minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Aynan shu muammolarni echimlari bo`yicha 2022 yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-111 sonli, 2023 yilda esa PQ-59 sonli qarorlari bilan tizim islohotlari, maqsadli ko`rsatkichlar hamda islohotlarni amalga oshirish mexanizmlari tasdiqlab berildi.
Mazkur qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida so`ngi yillarda jamoat transportini isloh qilish yuzasidan qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Hususan, 2022 yilda Toshkent shahri uchun 200 dona o`rta sig`imli SAZLE60rusumli va 190 dona katta sig`imli MAN rusumli avtobuslar va ilk bor 20 dona zamonaviy elektrobuslar xarid qilindi.
Joriy yilda jamoat transportini mukammal yangilash yuzasidan amalga oshirilgan loyihalar natijasida qo`shimcha 1000 dona avtobuslar xarid qilindi. Jumladan, metan gaz yoqilg`isida harakatlanuvchi 500ta katta sig`imli “YOUTONG” va 200ta o`ta katta sig`imli “KINGLONG” avtobuslari hamda 302ta “YOUTONG” elektrobuslari olib kelindi.
Mazkur harakat tarkibi ilmiy asoslangan texnologiyalar asosida tashkil etilgan yangi zamonaviy yo`nalishlarga ajratgan holda, yani magistral, xalqa, bog`lovchi va etkazib beruvchi yo`nalishlarga biriktirildi.
Renovasion loyihalar va xaridlar natijasida, bugungi kunda jamoat transporti harakat tarkibining soni 1959 tani(2022 yilda 1 485 ta), harakat tarkibining o`rtacha yoshi 3,5 yil(2022 yilda 7,5 yil), jamoat transportidan foydalanish darajasi 24 foizni (2022 yil 19 foiz), yangi yo`nalishlar tarmog`i 167 tani (2022 yilda 144 ta), avtobuslarning kunlik qatnovlar soni 25404 tani tashkil etishi hisobiga (2022 yilda 14999 ta) jamoat transportining oraliq intervalini 18-20 daqiqadan
8-10 daqiqaga qisqartirishga erishildi.
Natijada o`tgan yillarda kunning tig`iz vaqtlarida jamoat transporti salonidagi tiqilinch, to`laligi hisobiga undan foydalanish imkoniyati bo`lmagan qariyb yarim million yo`lovchi sifatli avtobus xizmatlaridan foydalanishmoqda.
Ma`lumot uchun, 2030 yilda harakat tarkibi sonini 2247 taga, harakat tarkibi o`rtacha yoshini 2,6 yil, jamoat transportidan foydalanish darajasini 40 foizga, yangi yo`nalishlar tarmog`i sonini 178 taga ko`paytirish, qatnovlar sonini 27412 taga etkazish va natijada
oraliq intervallarni 5-8 daqiqagacha qisqartirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda, avtobuslarning 1 020 tasi (52 foiz) siqilgan tabiiy gazda, 322 tasi (16,6 foiz) elektr quvvatda, 617 tasi (31,4 foiz) dizel yoqilg`isida harakatlanmoqda.
Jamoat transportining jozibadorligini oshirish va avtobuslarning muntazam va bir maromda harakatinini tashkil etish maqsadida, 2023 yilda Toshkent shahrida avtobuslar uchun 186,6 km alohida ajratilgan yo`laklar tashkil etilishi belgilab olingan bo`lib, shundan 48,2 km masofada (Amir Temur ko`chasi – 10,4 km, Ahmad Donish ko`chasi – 8,5 km, Navoiy, Beruniy – 6,2 km, Mirzo Ulug`bek, Feruza, Yuzrabod, Mahtumquli – 23 km) alohida yo`laklar tashkil etildi.






