AsosiyJamiyat

Malayziya va O`zbekiston OTMlari o`rtasida arxitektura va ziyorat turizmi yo`nalishida almashinuv dasturi amalga oshirildi

'Malayziya va O`zbekiston OTMlari o`rtasida arxitektura va ziyorat turizmi yo`nalishida almashinuv dasturi amalga oshirildi'ning rasmi

O`zbekiston  elchixonasi ko`magida Malayziya xalqaro islom universiteti professor-o`qituvchi va talabalaridan iborat delegasiyaning O`zbekistonga ikki haftalik amaliy safari tashkil etildi. 

Malayziya xalqaro islom universiteti 1983 yilda tashkil etilgan bo`lib, uning 13 ta fakultetida bakalavriat, magistratura va doktorantura ta`lim yo`nalishlari yo`lga qo`yilgan. Ta`lim ingliz va arab tillarida olib boriladi. Ayni paytda Urganch davlat universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, O`zbekiston Xalqaro islom akademiyasi va Bank-moliya akademiyasi bilan hamkorlik memorandumlari doirasida aloqalar o`rnatilgan.

Tashrif maqsad Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining boy madaniy merosi va me`morchilik an`analarini o`rganish, turizm kontentini kengaytirish va Malayziyada keng targ`ib etish, oliygohlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo`ldi.

Safar davomida O`zbekiston Madaniy meros agentligi va Malayziya xalqaro islom universiteti o`rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tadqiqot ishlari Urganch davlat universiteti negizida Xorazm viloyatining Xiva shahri madaniy meros ob`ektlari misolida amalga oshirildi. Xususan, zamonaviy skaner texnologiyalari yordamida Ichan qal`adagi Juma masjidining «3D» modeli yaratildi. Ilmiy ishlar natijasi bo`yicha o`quv qo`llanma nashr etilishi rejalashtirilgan. 

Shuningdek, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti, Buxoro davlat universiteti bilan muzokaralar o`tkazildi. Ularda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti bilan Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Bo`lib o`tgan uchrashuvlar natijasida 2024 yilda qo`shma ta`lim dasturlarini yo`lga qo`yish, akademik almashinuv bo`yicha yangi loyihalarni amalga oshirish, Malayziyada tashkil etiladigan o`quv dasturlari va ilmiy anjumanlarda o`zbekistonlik mutaxassislarni ishtirokini ishlab chiqish, qo`shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilg`or tajriba almashish bo`yicha kelishuvlarga erishildi.

    Boshqa yangiliklar