2023 yilning 15–17 noyabr kunlari Toshkent shahrida “Ipak yo`lida turizm” 28-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY-2023) bo`lib o`tadi.
TXTY turizm mahsulotlarini targ`ib qiluvchi va hamkorlik uchun biznes aloqalarini o`rnatuvchi eng yirik axborot tadbiridir. Yarmarka 1995-yildan beri Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) ko`magida o`tkazib kelinmoqda. Tadbir har yili turizm sohasining yuzlab mutaxassislarini o`zida jamlaydi va ushbu sohani xalqaro miqyosda rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
Ma`lumot uchun, 2022-yilda 2 yillik tanaffusdan so`ng TXTY o`z tarixida birinchi marta byudjet mablag`larini jalb qilmasdan, davlat-xususiy sheriklik ko`rinishida tashkil etildi. 30-noyabrdan 2-dekabrgacha bo`lgan uch kun davomida yarmarkada 11 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Shuningdek, tadbir yakunlari bo`yicha yarmarkada 300 ta korxona vakillari ishtirok etib, 7 mingga yaqin shartnoma imzoladi.
O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi, Turizm qo`mitasi, “Milliy PR markazi” DUK va “Team & Co Group” kompaniyasi TXTY-2023 tashkilotchilari hisoblanadi. Bu yil bosh hamkor “O`zbekiston havo yo`llari” AK bo`ldi. Yarmarka “O`zekspomarkaz” Milliy ko`rgazmalar majmuasi pavilyonida o`tkaziladi.
Yarmarka doirasida Fransiya, Chexiya, Yaponiya, Malayziya, Tailand, Singapur, Hindiston, Koreya, Rossiya, Qozog`iston, Belarus, Ozarbayjon, Xitoy va boshqa 20 davlatning sayyohlik tashkilotlari milliy stendlari taqdim etiladi.
Bundan tashqari, tadbirning biznes qismida turizm sohasidagi etakchi xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirokida Xalqaro forum hamda sessiyalar o`tkaziladi. Shuningdek, turli mamlakatlarning xususiy kompaniyalari vakillari o`rtasida B2B uchrashuvlari, davra suhbatlari, sayyohlik xizmatlari va hunarmandchilik ko`rgazmalari, O`zbekistonning turizm salohiyatiga ega hududlari taqdimotlari, mahalliy va xorijiy oshpazlar ishtirokida gastro-bozor tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Yarmarkada ishtirok etish uchun
www.titf.uz
veb-saytida onlayn ro`yxatdan o`tish lozim.
Eng yirik xalqaro sayyohlik tadbiri ishtirokchisi bo`lishga shoshiling va jahon turizm sanoati mutaxassislari bilan xalqaro hamkorlikni yo`lga qo`ying.
08.11.2023 14:00
Toshkentda “Ipak yo`lida turizm” 28-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi bo`lib o`tadi






