AsosiyJamiyat

Shahrisabz 2024 yilda IHTning sayyohlik poytaxti sifatida tanlandi

'Shahrisabz 2024 yilda IHTning sayyohlik poytaxti sifatida tanlandi'ning rasmi

Toshkent shahrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida bo`lib o`tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o`n oltinchi sammiti davom etmoqda. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) bosh kotibi Xusrav Noziriy sammit xususida fikrlarini bildirdi.

–Sammit doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashish sharafiga muyassar bo`ldim. Ushbu sammit O`zbekistonda ilk bor o`tkazilishi tarixiy ahamiyatga ega. Uchrashuvda mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari bo`yicha samarali fikr almashildi.  

Tashkilotning ustuvor yo`nalishlari savdo-iqtisodiy, transport, kommunikasiya, energetika, foydali qazilmalar, ekologiya, turizm, barqaror rivojlanish, inson resurslari, parlament va huquqiy hamkorlik, shuningdek, Afg`oniston bo`yicha maxsus hamkorlik hisoblanadi. Mamlakatning tashkilot faoliyatidagi o`rni tobora ortib borayotgani uchun O`zbekiston Prezidentidan minnatdorman. So`nggi ikki yil ichida O`zbekiston ko`plab tashabbuslar bilan chiqdi, ular tashkilot doirasida keng qo`llab-quvvatlandi. Takliflarning bir qismi allaqachon amalga oshirilmoqda. Jumladan, tashkilot doirasida ekologik hamkorlik bo`yicha yuqori darajadagi muloqot platformasini tashkil etish va ushbu platformaning birinchi yig`ilishini o`tkazish muhim ahamiyatga ega.  

Shuningdek, O`zbekiston tashkilot faoliyatida ilk bor o`z raisligining har bir yili uchun mavzular belgilash masalasini ilgari surdi. 2022 yilda O`zbekiston ham mamlakatning tashkilotga a`zoligi tarixida birinchi marta mintaqada munosabatlarni mustahkamlash mavzusini taklif qildi. O`zbekiston rahbarining avvalgi sammitdagi tashabbusi tashkilotning boshqa ishtirokchilari uchun an`anaga aylangan.  

Biz transport va kommunikasiya masalalariga katta e`tibor qaratdik, chunki bu faoliyatimizning muhim yo`nalishi. Bu borada turli transport-tranzit loyihalari, jumladan, mintaqamizning Sharqi va G`arbini, Shimoli va Janubini bog`lovchi yo`laklarni amalga oshirmoqdamiz. Bu masalalar muhokama qilindi va O`zbekiston o`zining geografik joylashuvi tufayli transport-kommunikasiya sohasidagi ushbu loyihalarning barchasini amalga oshirishda juda muhim rol o`ynaydi.  

Hamkorligimizning yana bir ustuvor yo`nalishi turizmdir. Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidentini Shahrisabz shahri 2024 yilda IHT turizm poytaxti etib tanlangani bilan tabriklayman. Biz shu yil doirasida Shahrisabz shahrida tegishli turizm tadbirlari o`tkazilishini maqsad qilganmiz. Ushbu tadbirlar nafaqat Shahrisabz shahrida, balki Tashkilotning barcha mintaqasida turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.  

Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temir yo`li loyihasi tashkilotga a`zo davlatlar hududidan o`tuvchi yo`lakdir. Bu masalalar transport va kommunikasiyalar sohasidagi tashkilotning muhokamasi kun tartibiga kiritilgan va biz bu loyihalarni amalga oshirish uchun albatta harakat qilamiz.  

Ushbu loyiha, xususan, O`zbekistondan Mozori Sharifgacha bo`lgan temir yo`l loyihasi nafaqat kommunikasiya va savdo-transport aloqalarini rivojlantirishga, balki a`zo davlat bo`lsa-da, hozirda mavjud sharoitlarga ko`ra tashkilotimiz ishlarida to`liq ishtirok eta ololmayotgan qo`shni Afg`onistonda tinchlik va barqarorlikni o`rnatishga xizmat qiladi.    

 

    Boshqa yangiliklar