Sentyabr oyida O`zbekiston mobil internet tezligi bo`yicha dunyoning 141 mamlakati ichida 100-o`rinni egalladi. Avgust oyida 101-o`rinni egallagandi. Bu haqda Speedtest Global Index veb-xizmati reytingida ma`lum qilingan.
Qayd etilishicha, O`zbekistonda sentyabr oyida mobil internet orqali o`rtacha yuklab olish tezligi 23,63 Mbit/s, yuklash tezligi esa 12,6 Mbit/s ni tashkil qilgan.
Ushbu reytingning eng yuqori pog`onasida esa Birlashgan Arab Amirliklari qayd etilgan. U erda sentyabr oyida yuklab olish tezligi 211,58 Mbit/s, yuklash tezligi esa 22,02 Mbit/s bo`lgan. Qatar ikkinchi, Xitoy esa uchinchi o`rinni egallagan.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog`iston sentyabr oyida mobil internet tezligi bo`yicha birinchi o`rinni egalladi (umumiy reytingda 66-o`rin). Qirg`iziston ikkinchi (88-o`rin), O`zbekiston uchinchi (100-o`rin), Tojikiston to`rtinchi (136-o`rin) bo`ldi. Manbada Turkmaniston haqida hech qanday ma`lumot keltirilmagan.






