Avvalroq, kechagi yomg`irdan so`ng Toshkent markazidagi yangi "dom"ning eri cho`kib, tagi ochilib qolgani haqida xabar bergan edik. Darakchi.uz'ning mazkur xabariga bee`tibor bo`lmagan Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligining mas`ullari holatni joyiga chiqib o`rganishdi va quyidagilarni ma`lum qilishdi:
Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi Shayxontohur tumani Gulobod ko`chasi 234-uy manzilidagi qurilish obekti bo`yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzasidan shuni ma`lum qilamizki, ayni paytda mazkur obektda qurilish-montaj ishlari to`liq yakunlanmagan. Bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi ham rasmiylashtirilmagan.
Binoning otmostka qismidagi qurilish-montaj ishlari to`liq yakunlanmaganligi bois, yomg`ir oqova suvlari binoning poydevor qismini himoya qilib turuvchi zichlashtrilgan tuproq ichiga tushgan va shu sababli ayrim joylarida otmostkaning cho`kish holatlari yuzaga kelgan. Hozirda ushbu kamchiliklar quruvchi tashkilot tomonidan bartaraf etilmoqda.
Shuningdek, hozirda hududiy nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari mazkur qurilish obektida qurilish-montaj ishlari sifati ustidan nazorat ishlarini olib borishmoqda.
Ma`lumot o`rnida aytish lozimki, mazkur obekt O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 15avgustdagi “Toshkent shahrida investisiya muhitini yaxshilash bo`yicha eksperimentni amalga oshirish chora tadbirlari to`g`risida”gi PF-5511-sonli farmoni va Toshkent shahar hokimining 2019 yil 23 avgustdagi 1164-sonli qaroriga asosan “ROAF ART HOUSE” MChJga Shayxontohur tumani Gulobod ko`chasi 234-uy hududida ko`p qavatli turar-joy kompleksini qurish uchun maydoni 0.45 gektarli er uchastkasi bo`yicha zaxiralash hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga ruxsat berilgan.
Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2019 yil 16 sentyabrda Arxitektura rejalashtirish topshirig`i ishlab chiqilgan hamda 2020-yil 2-iyulda eskiz loyihasi ham tayyorlangan. Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo`yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining tegishli xulosasi bilan tasdiqlangan va kelishilgan, deyiladi bildirilgan rasmiy munosabatda.






