Ijtimoiy tarmoqlarda “Masjidi Kalon” masjidiga plastik va alyuminiy romlar o`rnatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Madaniy meros agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi holat o`rganib chiqildi.
Ma`lum qilinishicha, Buxoro shahridagi “Masjidi Kalon” masjidi “Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to`g`risida”gi Qonunning 27-moddasiga asosan Musulmonlar idorasining Buxoro viloyati vakilligiga masjid sifatida foydalanish uchun topshirilgan. Murojaatda ko`rsatib o`tilgan plastik va alyuminiy romlar 2016 yilda namozxonlarga qulayliklar yaratish maqsadida masjid ma`muriyati tomonidan o`rnatilganligi aniqlandi.
Hukumat tomonidan tasdiqlangan “Madaniy meros obektlarini restavrasiya qilish va ta`mirlash-tiklash bo`yicha 2023 yilgi Manzilli dastur”ga asosan “Masjidi Kalon”ni ham restavrasiya qilish, ta`mirlash-tiklash va obodonlashtirish bo`yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan ma`qullangan.
Hozirda mazkur loyiha asosida masjidni restavrasiya qilishning 1-bosqichi doirasida tom qismini ta`mirlash hamda konstruktiv jihatdan mustahkamlash ishlari olib borilmoqda.
Loyihaga ko`ra, masjiddagi plastik va alyuminiy romlarni binoning arxitekturasiga mos keladigan an`anaviy yog`och romlarga almashtiriladi. Mazkur ishlar ta`mirlashning 2-bosqichida amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, murojaatda aytib o`tilgan obektga kirish biletlarining pullik ekanligi masalasi yuzasidan ham ma`lumot berildi.
"Haqiqatan ham masjidga mahalliy va xorijiy sayohatchilar uchun kirish pullik bo`lib, namozxonlar va ziyoratchilar uchun alohida kirish joylari mavjud bo`lib ulardan yig`im undirilmaydi. Obektga kirish biletlarini sotishdan tushgan mablag`lar obektni saqlash va joriy ta`mirlash ishlariga sarflanadi.
Bu kabi holatlarga keng jamoatchilikning befarq bo`lmagani hamda madaniy meros obektlarini asrab-avaylashda o`z xissalarini qo`shayotganliklari uchun Agentlik minnadorchilik bildiradi", deyiladi agentlik munosabatida.






