Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi ayrim ko`p qavatli uylarga issiqlik quvvati etib bormayotgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Chilonzor tumani hokimligi holatga izoh berdi.
Izohga ko`ra, tumanda kuz-qish mavsumiga har tomonlama mukammal tayyorgarlik ko`rilgan va ayni vaqtda bu ishlar davom ettirilmoqda.
Joriy yil 13 oktyabrdan maxsus ishchi guruh tashkil etilgan holda barcha ko`p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob`ektlari to`liq xatlovdan o`tkazilgan.
Natijada tumandagi 482 ta ob`ektlarda, jumladan, 467 ta ko`p qavatli uy, 8 ta bog`cha, 2 ta maktab, 1 ta oliy o`quv yurti binolarida, 2 ta oilaviy yotoqxonada hamda 2 ta issiqlik ta`minoti masalalarida muammolar aniqlangan.
Shundan 467 ta ko`p qavatli uy, ijtimoiy soha va boshqa ob`ektlardagi muammoli masalalar bartaraf etilgan.
Bugungi kunda tumanda mavjud bo`lgan 1238 ta ko`pqavatli uylardan 1219 tasiga issiqlik quvvati etkazib berilgan.
Qolgan 19 ta ko`p qavatli uylarning erto`la kommunikasiya tarmoqlarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda va tez kunlarda ushbu uylarga ham issiqlik quvvati to`liq etkazib beriladi, deyiladi xabarda.






