Butun dunyoda qimor va tavakkalchilikka asoslangan turli noqonuniy o`yinlar texnika va internet rivoji davrida yanada kuchaydi. Qonunan jinoyat hisoblanadigan bu kabi o`yinlarning O`zbekistonda ham ishqivozlari ko`p.
Hudud24.uz lotoreya qimor hisoblanadimi, degan savolga javob berdi.
Lotoreya (italyancha lotteria so`zidan olingan bo`lib, qur`a ma`nosini bildiradi) — davlat yoki maxsus ro`yxatdan o`tgan tashkilotlar tomonidan maxsus biletlar sotish orqali aholi o`rtasida o`tkaziladigan yutuqli o`yin hisoblanadi.
Lotoreya noqonuniy hisoblanmaydi. Chunki, lotoreyada davlat, vakolatli davlat organidan ruxsatnoma (lisenziya) olgan shaxslar va lotereyalar ishtirokchilari o`rtasidagi munosabatlar shartnomaga asoslanadi. Bunday shartnoma lotereya bileti berish orqali rasmiylashtiriladi va ishtirokchi lotereya bileti qiymatini to`lagan paytdan e`tiboran tuzilgan deb hisoblanadi.
Shartnomani tuzish to`g`risidagi taklif lotereyalar o`tkazish muddati va yutuqni aniqlash tartibi hamda uning miqdori haqidagi shartlarni o`z ichiga olgan bo`lishi lozim.
Lotereyalar o`tkazish shartlariga muvofiq yutgan deb e`tirof etilgan shaxslarga belgilangan miqdorda, shaklda (pul yoki buyum holida) va muddatlarda, agar bu shartlarda muddat ko`rsatilmagan bo`lsa, lotereyalar natijalari chiqarilgan paytdan e`tiboran o`n kundan kechiktirmay lotereyalar tashkilotchisi tomonidan yutuq to`lanishi lozim.
Lotereyalar tashkilotchisi yuqoridagi majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, lotereyada yutgan ishtirokchi lotereyalar tashkilotchisidan yutuqni to`lashni, shuningdek shartnomaning tashkilotchi tomonidan buzilishi tufayli etkazilgan zararlarning o`rnini qoplashni talab qilishga haqli.






