11 noyabr kuni Saudiya Arabistonida o`tgan Arab-islom sammitida G`azodagi vaziyat muhokama qilindi. Unda qatnashgan O`zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida quyidagilarni bildirdi.
“Vayronagarchilik va halokat ko`lami bo`yicha bu nizo Yaqin Sharq mojarosining oxirgi 50 yillik tarixida ilk bor kuzatilmoqda. Eng achinarlisi, bu inqirozning oxiri ko`rinmayapti. Biz Falastin diyoridagi mojaroga jim qarab turolmaymiz, O`zbekiston bu borada tegishli diplomatik chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
G`azo sektorida yuz berayotgan qonli to`qnashuvlar natijasida yo`qotishlar o`rnini hech narsa bilan to`ldirib bo`lmaydi. Biz go`daklarning o`ldirilishini qabul qilib bo`lmaydigan nohaqlik deb bilamiz. Qurbon bo`lganlarning yaqinlariga samimiy ta`ziya izhor qilamiz. Biz Falastin xalqi bilan ekanimizni yana bir bor bildiramiz”, dedi Bosh vazir.
A.Aripov O`zbekiston – Falastinning xalqaro me`yorlarga muvofiq o`z mustaqil davlatini barpo etish huquqini qo`llab-quvvatlashini qayd etdi.
"Zo`ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyat keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to`qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga sabab bo`lishi muqarrar. Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqalari bilan cheklanmaydigan, oqibatini bashorat qilib bo`lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin.
Eng xavflisi, ushbu mojaro ortidan aslo yo`l qo`yib bo`lmaydigan – dinlar, sivilizasiyalar o`rtasidagi mojaro kelib chiqishi mumkin. Aynan shuning uchun ham biz tomonlarni gumanitar masalalarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni to`xtatishga va nizoni diplomatik yo`l bilan hal etishga chaqiramiz. O`zbekiston bu boradagi harakatlarni qo`llab-quvvatlaydi", - deydi hukumat rahbari.






