O`zbekistondagi tadbirkorlik sub`ektlariga ishsiz xotin-qizlarni ish bilan ta`minlaganlik uchun davlat granti ajratiladi.
Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo`mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzaeva ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, xotin-qizlar bandligini ta`minlash, salomatligini mustahkamlash hamda ularni kasbga o`qitish faoliyati bilan bog`liq bitta ijtimoiy loyiha doirasida 20 nafargacha xotin-qizlarning doimiy bandligini ta`minlash maqsadida tadbirkorlik sub`ektlariga har 1 nafar bandligi ta`minlanadigan ishsiz xotin-qiz uchun 3 million so`mdan oshmagan miqdorda Oila va xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg`armasi mablag`lari hisobidan navbatdagi davlat granti ajratilishini e`lon qilinadi.
Shu munosabat bilan mahallalarda markazlar faoliyati uchun navbatdagi davlat grantini olish istagida bo`lgan tadbirkorlik sub`ektlari 2023 yil 25 noyabrga qadar tegishli mahalla fuqarolar yig`inlariga loyiha takliflarini va hujjatlarini taqdim etishlari mumkin.
Mahalla fuqarolar yig`inlari orqali taqdim etilgan loyihalar 28 noyabrgacha tuman-shahar ishchi guruhlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq ko`rib chiqiladi.
30 noyabrga qadar hududiy boshqarmalar tomonidan Oila va xotin-qizlar qo`mitasiga davlat granti ajratilishi so`ralgan buyurtmanoma yuboriladi.