Qonunchilik palatasining 2023 yil 19 sentyabrdagi qarori bilan bosh vazir o`rinbosari Ochilboy Ramatovga yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan parlament so`rovi yuborilgan edi. Joriy yil 26 oktyabr kuni mazkur palament so`roviga javob sifatida Qonunchilik palatasiga ma`lumot taqdim etildi.
Bugun, 14 noyabr kuni bo`lib o`tayotgan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar bosh vazir o`rinbosari Ochilboy Ramatovning parlament so`roviga yuborgan javobini qabul qilmadi.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitai raisi Erkin Solihovning aytishicha, taqdim etilgan ma`lumotda asosiy e`tibor aynan parlament so`rovida ko`tarilgan masalalarga qaratilmagan.
“Buning natijasida so`rovda qayd etilgan kamchiliklar, sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan qo`yilgan savollarga etarli va to`liq javob berilmaganligini ko`rsatdi.
Kuni kecha o`tkazilgan fraksiyalar yig`ilishlarida ham parlament so`roviga berilgan javob atroflicha muhokama qilindi hamda taqdim etilgan ma`lumotlar etarli darajada tushuntirish berilmagani ta`kidlab o`tildi”, — dedi Erkin Solihov.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining majlisida Bosh vazir o`rinbosari mazkur parlament so`rovini qayta ko`rib chiqib, unda qo`yilgan har bir masala yuzasidan joriy yilning 1 dekabriga qadar to`liq va asoslantirilgan javob berish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Majlisda deputatlar bosh vazir o`rinbosaridan qo`shimcha javob olish uchun tayyorlangan qarorni ma`qulladi






