Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Rossiyada ishlayotgan o`zbekistonliklarni ogohlantirmoqda. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko`ra, so`nggi vaqtlarda Rossiyada ishlayotgan yurtdoshlarimiz orasida Internetdagi e`lonlar orqali katta pul evaziga mahsulotni bir manzildan ikkinchi manzilga etkazib berish bo`yicha muammolar yuzaga kelmoqda.
Murojaatlardan ma`lum bo`lmoqdaki, norasmiy kurerlik xizmatlarida narkotik yoki ta`qiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni etkazib berish (zakladka) taklif qilinmoqda va buning oqibatida polisiya xodimlari tomonidan ular ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.
Shu munosabat bilan, yurtdoshlarimizdan norasmiy kurerlik xizmatlarida ishlamaslikni, katta miqdordagi pul evaziga shubhali buyumlarni bir manzildan ikkinchi manzilga etkazib bermaslikni yoki mahsulotni albatta tekshirishni so`raymiz, deyiladi xabarda.