Rossiya Davlat Dumasi vise-spikeri Pyotr Tolstoy sobiq Sovet ittifoqiga kirgan davlatlarda, xususan, O`zbekistonda Rossiyada ishlayotgan migrantlar hisobidan rus tilida o`qitiladigan maktablar qurishni taklif qildi. Bu haqda u o`zining Telegram-kanalida yozdi.
“Rus tili barcha sobiq ittifoq respublikalari hududida millatlararo muloqot tili bo`lishi kerak. Afsuski, bugungi kunda Rossiya muhojirlarga nisbatan passiv pozisiyada”, deydi Tolstoy.
U sobiq SSSR tarkibiga kirgan davlatlarda rus maktablari tizimini rivojlantirish muhim ekanini, chunki bugungi kunda rus tili millatlararo muloqot tili sifatida faqat Belarus, Qozog`iston va Qirg`izistonda qo`llanilishini aytgan.
“Ammo Armaniston, O`zbekiston, Tojikiston va boshqa davlatlarda bunday emas. U erda rus tilidagi maktablarni qurish, 90-yillarda "o`ldirilgan" sovet integrasiya tizimini rivojlantirishda bizning hisobimizdan emas, yuqoridagi davlatlar hisobidan mustaqil ravishda, ularning fuqarolari Rossiyada ishlash vaqtida o`z vatanlariga yuboradigan daromadlar hisobiga amalga oshirilishini taklif qilaman”, degan Duma vakili.