“Ipak yo`lida turizm-2023” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTYa) doirasida Turizm qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari Djamshid Abdusalamov hamda Qirg`iziston Respublikasi Turizmni rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi prezidenti Abilkasim Sherniyazov bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Uchrashuv davomida Markaziy Osiyoda “Ipak yo`li” turizm brendi hamda “Bir sayohat – butun mintaqa” dasturi ostida mintaqa bo`ylab qo`shma turlarni tashkil qilish yo`nalishida turizm tadbirkorlari o`rtasida loyihalarni kengaytirish choralari muhokama qilindi.
Shuningdek, kelgusi yilning 1 sentyabridan ikki mamlakatga kirish ID kartalar orqali amalga oshirilishi mamnuniyat bilan esga olinib, ro`yxatga olish muddatlarining uzaytirilishi, ikki mamlakat fuqarolari uchun qo`shimcha qulaylik yaratishi aytib o`tildi.
Tomonlar qisqa muddatlarda O`zbekistonlik va Qirg`izistonlik mashhur OAV vakillari, blogerlar va turizm biznesi subektlari uchun infotur tashkil etish va turli qatlamdagi sayohlar uchun yaratilgan imkoniyatlarni kengroq yoritishga kelishdilar.
Bundan tashqari, qirg`izistonlik rasmiy UNWTO Bosh assambleyasi 25-sessiyasi doirasida Samarqadda UNWTO xalqaro turizm akademiyasi tashkil etilganligi bilan O`zbekiston tomonini qutlab, Qirg`iziston mutaxassislari mazkur dargohda malakalarini oshirish yuzasidan yaqindan ishlashga tayyor ekanligini bildirdi.






