Kelgusi yili viloyatda 1,5 milliard dollar investisiya olib kelib, sanoatda 12 trillion so`m mahsulot ishlab chiqarish, 500 million dollarlik eksportni amalga oshirib, 100 million dollar importni qisqartirish, kamida 500 ming xorijiy sayyohga xizmat ko`rsatish uchun sharoit yaratish, 400 ming aholini band qilish viloyat, tuman hokimlarining asosiy vazifasi bo`lishi kerakligi ta`kidlandi.
Eng asosiy masala – investisiya va sanoat. Bunda eng katta zaxira mavjud konlarni ishga solishdir.
Sariosiyodagi "Chinorsoy" polimetall konida qo`rg`oshin, rux va oltin, "Xo`ja-osmin" konida oq marmar, Boysun va Sariosiyoda ko`mir, Sheroboddagi “Xo`jai-kon” konida kaliy o`g`iti zaxiralarini o`zlashtirish bo`yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Tog`-kon sanoati va geologiya vazirligi oldiga viloyatning tog`li hududlarida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish vazifasi qo`yildi.
Viloyatning qishloq xo`jaligidagi imkoniyatlari tahlil qilinar ekan, Surxondaryo o`zining tabiiy tuproq-iqlim sharoiti bilan ertaki mahsulotlarni etishtirishda birinchi o`rinda bo`lishi kerakligi ta`kidlandi.
Lekin hosildorligi yuqori urug` va ko`chat bilan ta`minlash hamda etishtirilgan mahsulotni sotib olishda muammolar borligi ko`rsatib o`tildi. Shu bois, Qishloq xo`jaligi vazirligiga 10 ta tumanda in vitro laboratoriyalarini tashkil qilish topshirildi.
Kelgusi yilda dala chetlarida 100 ta mini quritish, saralash va qadoqlash uskunalari hamda 70 ta kichik sovutkichlar o`rnatiladi. Buning uchun erlar dehqonlarga tekin beriladi.
100 ming gektarda ixcham parniklar tashkil qilib, barra piyoz, brokkoli, rozmarin, rukkola, timyan, qizil rayhon, yalpiz kabi eksportbop ekinlar etishtirish mumkinligi ta`kidlandi.
Termiz agro-texnologiya institutida Italiyaning Tushia universiteti, “Sivi Italiya” uyushmasi bilan Intensiv urug`chilik va ko`chatchilik xalqaro markazini tashkil qilish topshirildi. Unda afg`on shamoli va qurg`oqchilikka chidamli navlar yaratiladi, in vitro laboratoriyasi va IT inkubator markazi, 20 ta issiqxona va tajriba-sinov uchastkalari ish boshlaydi.
17.11.2023 14:27
Prezident 2 ta vazirlik mas`ullari zimmasiga qator topshiriqlar yukladi






