Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo aeroportida fuqaro aviasiyasi faoliyati tiklanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoev raisligida bo`lib o`tgan yig`ilishda ma`lum qilindi.
Qayd etilishicha, yil yakuniga qadar Sariosiyo aeroportida fuqaro aviasiyasi faoliyatini tiklash, kelgusi yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo`lga qo`yish, Termizdan Istanbul, Farg`ona, Buxoro va Xorazmga reyslarni ko`paytirish vazifasi topshirildi.
Shuningdek, “Termiz – Toshkent” yo`nalishida turistik vagon qo`yiladi, “Sariosiyo – Toshkent” yo`nalishida poezd qatnovi yo`lga qo`yiladi.
Ta`kidlanishicha, viloyatda 2,5 ming o`ringa ega 53 tagina mehmonxona bor, ularning yarmi Termiz shahrida joylashgan.
Kelgusi yilda viloyatga sayyohlar oqimini 3 barobar oshirish reja qilinayotgani bois, Surxondaryo tadbirkorlariga mehmonxona qurishga “yulduzi”dan qat`i nazar subsidiya berilishi belgilandi.






