Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 217-maktab direktorining o`quvchini kaltaklagani aks etgan video xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi rasmiy ma`lumot bilan chiqdi.
Unga ko`ra, videoda tasvirga olingan voqea 2023 yil 19 sentyabr kuni ro`y bergan. Shu kuni 217-maktab 8-“B” sinf o`quvchilari A.M. hamda Sh.I. lar sinfxonasida o`zaro mushtlashib qolgan. A.M. sinfdoshining yuziga musht tushirib, tan jarohati etkazgan. Bundan xabar topgan maktab ma`muriyati o`quvchilarni direktor xonasiga chaqirishgan. Maktab direktori Ya.Sh. ma`anaviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari G.X., Chilonzor tuman IIO FMB HPB VEMB inspektor psixologi, katta leytenant M. I. guvohligida o`quvchilar bilan tushuntirish ishlari olib borgan. A.M. ga tanbeh berish chog`ida maktab direktori jahl ustida uni so`kib, kaltaklagan va tartibga chaqirgan.
Yuqoridagi holat yuzasidan tuman hokimi o`rinbosari, maktab ma`muriyati, o`qituvchilar, IIB xodimlari va ota-onalar ishtirokida ham yig`ilish o`tkazilgan.
Ayni paytda yuqoridagi holat huquq-tartibot idoralari tomonidan o`rganilmoqda.
“O`quvchilarga nisbatan zo`ravonlik ishlatish, jumladan, ularni haqoratlash, kaltaklash pedagog etikasiga to`g`ri kelmasligini, buning uchun qonunchiligimizda jazo choralari belgilab qo`yilganligini yana bir bor eslatib o`tamiz. Yuqoridagi kabi xunuk holat pedagog obro`siga putur etkazadi, xolos”, deyiladi xabarda.