“Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “2024 yilda Toshkent shahar Chilonzor tumanini Xitoy tajribasi asosida, shu jumladan yangi yondashuvlar, innovasion va “yashil texnologiyalar” hamda boshqaruvda zamonaviy usullarini qo`llagan holda kambag`allikdan chiqarish to`g`risida”gi hukumat qarori loyihasi joylashtirildi.
Taklif etilayotgan qaror loyihasiga ko`ra, Chilonzor tumani hududidan Do`mbirobod, Kichik halqa yo`li, Dilxush 2-tor ko`chasi kesishmalari oralig`ida joylashgan yo`l bo`yidagi aholi xonadonlari va xizmat ko`rsatish ob`ektlarini renovasiya asosida ko`p qavatli qilib qayta qurish hamda birinchi qavatida yangi zamonaviy xizmat ko`rsatish ob`ektlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi faollari va ekspertlari tomonidan hukumat qarori loyihasiga qarshi chiqishmoqda.
Partiya a`zolarining qikricha, uy-joy fondini rekonstruksiyaning mustahkam huquqiy asosi, xususan, uni amalga oshirishning qat`iy talab va tartiblari, uy-joy mulkdorlari huquqlariga rioya etish kafolatlari bo`lmasdan turib, bu borada loyihalarning amalga oshirilishi jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlariga putur etkazishi mumkin.
Shu sabab partiya mazkur qaror loyihasining renovasiyaga oid qonunchilik asoslari mavjud emasligini hamda keng jamoatchilik, shu jumladan Chilonzor tumani aholisi bilan har tomonlama muhokama qilib, ularning fikrini inobatga olgan holda takomillashtirish maqsadga muvofiq deb hisoblamoqda.






