Qator internet resurslarida va ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar o`quvchini ayovsiz kaltaklayotgan maktab direktori aks etgan video tarqaldi.
Bolalar ombudsmaning Chilonzor tuman prokuraturasidan aniqlashtirishicha, 217-sonli umumta`lim maktabning 8 “V” sinf o`quvchisi A.M. sinfdoshi bilan sinf xonasida o`zaro janjallashgani bo`yicha maktab direktori Sh.Ya. o`quvchilarni o`z xizmat xonasida ularning yuzi va tanasining boshqa joylariga qo`li va oyog`i bilan urib tan jarohati etkazgan.
Yuqoridagilarga ko`ra, 217-sonli maktab direktori Sh.Ya. ga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlikka oid ish qo`zg`atilib, mazmunan ko`rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tuman sudiga yuborilgan.
Bundan tashqari, 217-sonli maktab direktori Sh.Ya. ga nisbatan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasiga, maktab direktorining ushbu hatti-harakatlarini to`xtatish choralarini ko`rmaganligi uchun Chilonzor tuman IIO FMB profilaktika inspektoriga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.






