Kecha, 20 noyabr kuni “Dok-1 Maks” ishi bo`yicha navbatdagi sud majlisi bo`lib o`tdi. Unda “Dok-1 Maks” ekspertizasi bilan shug`ullangan olim ko`rsatmalari tinglandi va asosiy aybdorlardan biri sifatida sudlanayotgan Farmasevtika agentligining sobiq rahbari S.K. so`roq qilindi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.
Farmasevtika agentligining sobiq rahbari jabrlanuvchilardan birining savoliga javob berar ekan, 65 nafar bolaning o`limiga sudlanuvchilarning hech biri aybdor emasligi, aksincha bunga tizim aybdorligini aytdi.
Men bu erda o`tirgan sudlanuvchilarni o`sha paytdagi rahbar sifatida aybdor deb hisoblamayman. Hammasi o`z ishini qilgan. Ya`ni farmakopiyadagi xodim ham xalqaro standart asosida dorini tasdiqlagan. Bu 2012 yilda ham shu xalqaro standart bo`yicha tasdiqlangan. 2017 yilda ham xuddi shunday tasdiqlangan. Yo`q, hozir sen va shu erda o`tirganlar aybdorsan deyilsa, unda bu dorini 2012 yilda, 2017 yilda ro`yxatdan o`tkazganlar ham javob berishi kerak bo`ladi. 2012 yilda bu dorini tasdiqlagan rahbar ham, xodim ham boshqa bo`lgan. 2017 yilda ham xuddi shunday. Ammo ular va biz bitta xalqaro standart bo`yicha dorini tasdiqlaganmiz, — dedi bu haqda gapirgan sudlanuvchi.
O`zbekistonda yiliga mingdan ortiq dori vositalari davlat ro`yxatidan o`tkaziladi. Shu sabab mana bu dorini mana bu tartib bo`yicha ro`yxatdan o`tkazasan, deya xalqaro standart qabul qilingan. Farmakopiyaning xalqaro standartini biznikilar ham qabul qilishgan. Lekin u erdagi xatoni oladigan bo`lsangiz, boshiga, 90-yillarga qaytib farmakopiyani tasdiqlagan, Britaniyada o`tirgan fan doktorini bu yoqqa olib kelib qo`yib, nega sen o`sha paytda bunday xato qilgansan, deyishimiz kerak bo`ladi, — dedi sudlanuvchi jabrlanuvchining savoliga javob berar ekan.
Sobiq rahbarning so`zlariga, u va uning jamoasi O`zbekiston farmasevtikasida ko`p yangiliklar qilishgan.
Eslatib o`tamiz, avvalgi sud majlisida Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari, “Dok-1 Maks” ishi bo`yicha sudlanuvchi maqomiga ega bo`lib turgan S.K. sudda ochiqdagi hamkasbiga jinoyat ishi ochilishini so`ragan edi.