AsosiyJamiyat

Bog`dod tumani hokimi o`rinbosari obuna rejasini bajarmagan kollej direktorini kaltaklagani aytilmoqda

'Bog`dod tumani hokimi o`rinbosari obuna rejasini bajarmagan kollej direktorini kaltaklagani aytilmoqda'ning rasmi

Farg`ona viloyati Bog`dod tumanidagi pedagogika kollejining zimmasiga bu yil gazeta va jurnallar uchun qariyb 24 mln so`m obuna rejasi qo`yilgan. Bu rejani bajarolmagan kollej direktori tuman hokimining o`rinbosari tomonidan kaltaklandi, deya yozmoqda "Kun.uz". 

Kollej direktori Shuhrat Qosimovning aytishicha, janjal 14 noyabr kuni Bog`dod tumani hokimiyati binosida yuzaga kelgan. Tuman hokimining o`rinbosari boshchiligida ertalab soat 8:00da obuna masalasida yig`ilish bo`lib o`tgan.

Qosimovga ko`ra, shu vaqtgacha mahalliy hokimliklar tomonidan ijtimoiy soha vakillarining deyarli hammasi, ayniqsa maktab, kollej, lisey xodimlari doimiy ravishda majburiy obunaga jalb etib kelingan.

“Yiliga 3 oy uchun obuna pulini to`lardik, 5–5,5 mln so`m bo`lardi. Lekin bu safargisi juda oshib tushdi, 24 mln so`mlik plan berishdi”,– deydi u.

“Har bir gazeta, jurnallar soniga bo`lib, shu summani chiqarishimiz kerakligi aytilgan. Bu bo`yicha hech qanday rasmiy hujjat yo`q, hammasi og`zaki ravishda aytilgan. Shu ro`yxatni hammamizga berishgan, endi shu ro`yxatni bo`lishga harakat qilib yotibmiz. Yig`ilishda shu masalalar ko`tarilib, oxirgi 3- yoki 4-navbatda menga keldi. Soat 8:25lar edi, mendan nimaga “plan”ni bajarmayotganimni so`rashdi. Men 5,5 mln so`mlik qilganimni, lekin 24 mln so`mlikka ulgurmaganimni aytdim. O`qituvchilarga bu ishni qildira olmasligimni aytdim.

Keyin hokim o`rinbosari: “O`qituvchilarga nega qildirmayapsiz, ular ham bittadan to`lashsa, urinib qolishmaydi, hammasi “premiya” oladi, man “premiya”larini ham tekshirtiraman, bittadan qilishga majbursizlar”, dedi. Men ham bunday qilishga haqqim yo`qligini aytib turib oldim. Aprel oyida o`zimda pul bo`ladi, qolganini mayli qilib beraman deb tushuntirishga urindim. Shunda kostyumini echdi-da, oldimga kelib: “Siz topshiriqlarni bajarmayapsiz”, dedi. Nima qilib topshiriqlarni bajarmayapman deyishimni bilaman, o`ng tomon yuzim, jag`imga musht kelib tushdi.

Yiqilib, hushimdan ketdim. Keyin shu vaqtda oldimga xodimlar kelib, kotibaning xonasiga olib tushib qo`yishgan ekan. Boshim aylanib, ko`nglim aynib qolgandi. 4-5 daqiqa tinch o`tirgach, hokimning oldiga tushdim. Bo`lgan voqeani aytib berdim, lekin befarq bo`lishdi”, – deydi Shuhrat Qosimov.

Zarbadan so`ng o`sha kuni Qosimovning ahvoli og`irlashgan, qon bosimi ko`tarilib, o`zini yomon his qilgan. Tez yordam chaqirilgach, unga gipertoniya tashxisi qo`yilib, dastlabki muolajalar qilingan. Shundan keyin shifoxonaga yotqizilgan.

Ayni vaqtda kollej direktori shifoxonada davolanmoqda. Shifokorlarga ko`ra, direktorning miyasida chayqalish va o`ng jag` qismida shikastlanish bo`lgan.

Majlisda bevosita ishtirok etgan va janjalga guvoh bo`lgan xodimlar hokim o`rinbosarining kollej direktorini urganini tasdiqlashdi. Ammo xavfsizlik nuqtayi nazaridan nomlari oshkor qilinishini istashmadi.

Tuman prokurori o`rinbosari Murod Yusupovga ko`ra, hozirda vaziyat bo`yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar