AsosiyJamiyat

O`zbekistonda kelgusi yil 2 million aholi tadbirkorlikka jalb qilinadi

'O`zbekistonda kelgusi yil 2 million aholi tadbirkorlikka jalb qilinadi'ning rasmi

Barcha mamlakatlarda kichik va o`rta biznes sub`ektlari innovasiyalarning va yangi ish o`rinlarini yaratishning asosiy vositasidir. Ular iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga yordam beradi. Shu munosabat bilan kichik va o`rta biznesni qo`llab quvvatlash davlatlarning asosiy vazifalaridan biriga aylangan.

So`nggi yillarda mamlakatimizda jamiyatimizning barcha sohalari kabi mazkur yo`nalishda ham bir qator inqilobiy o`zgrishlar olib borilmoqda. Misol tariqasida tadirkorlar muammolarini va ularni qiynab turgan to`siqlarni bartaraf qilishga qaratilgan – eng oliy darajadagi – Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvini keltirishni o`zi kifoya.

Kichik va o`rta biznesni qo`llab quvvatlashga qaratilgan yana bir yangilik bu O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini kichik va o`rta biznesga keng jalb qilishning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qaroridir.

Mazkur Qarorda bir qator muhim jihatlar ko`zda tutilgan bo`lib uning asosiy vazifalaridan biri bu 2024 yilda 2 mln aholini tadbirkorlikka jalb qilish bo`yicha quyidagi tizimni joriy etishdir:

a) aholi va tadbirkorlarni o`qitish, loyihalarni amalga oshirishga ko`maklashish va shu orqali “oilaviy tadbirkor – mikro biznes – kichik biznes – o`rta biznes” zanjiri yo`lga qo`yiladi;

b) “Biznesni rivojlantirish banki” ATB, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ va boshqa hamkor tijorat banklaridan iborat yaxlit moliyaviy tizim asosida kichik va o`rta biznes loyihalari moliyaviy qo`llab-quvvatlanadi. Xususan:

- oilaviy tadbirkorlik dasturiga – 10 trln so`m (Xalq banki va Mikrokreditbank);

- mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish dasturiga – 3 trln so`m va 100 mln dollar (Mikrokreditbank va Xalq banki);

- “Kichik biznesni uzluksiz qo`llab-quvvatlash” dasturiga – 6 trln so`m va 800 mln dollar (Biznesni rivojlantirish banki);

-“O`rta biznesni moliyaviy qo`llab-quvvatlash dasturi”ga – 1,5 trln so`m va 100 mln dollar (Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi) ajratiladi.

v) kichik biznesga ko`maklashish markazlari va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasida hamda tadbirkorlik bo`yicha elektron platformalarda tadbirkorlikka o`qitish, loyihalarni moliyalashtirish va barcha bosqichlarda hamrohlik qilish yo`lga qo`yiladi.

Ushbu maqsadlarda Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasidan kichik biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun Biznesni rivojlantirish bankiga jami 300 mln dollar, shu jumladan 75 mln dollar bankning ustav kapitalini oshirishga va 225 mln dollar 15 yil muddatga 5 foiz stavkada subordinar qarz sifatida mablag`lar ajratilmoqda.

Shu bilan birgalikda yaqinda transformasiyaga uchragan quyidagi tashkilotlarda 2024–2026 yillar uchun keyingi maqsadli ko`rsatkichlar (KPI) belgilanmoqda:

a) Biznesni rivojlantirish banki – 150 ming kichik tadbirkorlar faoliyatini yo`lga qo`yish va kengaytirishga mas`ul bo`ladi va buning uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 1,2 mlrd dollar jalb qilinadi va 300 mln dollar evrobond chiqariladi;

b) Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi – o`rta biznesni 2,5 baravarga (10 mingdan 25 mingga) oshirishga mas`ul bo`ladi va buning uchun moliyaviy xizmatlar 8 trln so`mdan 14 trln so`mga etkaziladi, 300 mln dollar evrobond chiqariladi hamda 450 ta korxonaga ulush kiritiladi va xizmatlar ipotekasi beriladi.

    Boshqa yangiliklar