Bosh prokuratura huzuridagi deportament matbuot xizmati xabar berishicha, Buxoro va Andijon viloyatlarida aholiga kuz-qish mavsumida imtiyozli narxrda berilishi kerak bo`lgan ko`mir talon-toroj qilingan.
Departamentning Buxoro viloyati Peshku tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «Ko`mir ta`minot» MChJning Vobkent ko`mir ombori mas`ul shaxslari kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda etkazib berish uchun ajratilgan 455,7 tonna ko`mirni imtiyozli narxda sotilganligi to`g`risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, amalda ushbu ko`mirni boshqa shaxslarga sotib yuborib, o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qo`rg`ontepa tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «Ko`mir ta`minot» MChJning Qo`rg`ontepa ko`mir ombori mas`ul shaxslari kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda etkazib berish uchun ajratilgan 2 155 tonna ko`mirni imtiyozli narxda sotilganligi to`g`risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, amalda ushbu ko`mirni boshqa shaxslarga sotib yuborib, o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






