AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Bolalar ombudsmani huquq va vakolatlari kengaytirilmoqda

'O`zbekistonda Bolalar ombudsmani huquq va vakolatlari kengaytirilmoqda'ning rasmi

Ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo`yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to`g`risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o`qishga tayyorlanmoqda.

Mazkur qonun loyihasida Bolalar ombudsmani faoliyati samarali tashkil etilishiga xizmat qiladigan qoidalar o`z aksini topgan.

Xususan, parlament majlislarida Bolalar ombudsmani ma`ruzasi har yili eshitilishi ko`zda tutilmoqda. Bu vakolat orqali Bolalar ombudsmani bola huquqlarini himoya qilish sohasida e`tibor qaratilishi zarur bo`lgan dolzarb muammolarni parlament maydoniga olib chiqadi va ularning echimi bo`yicha takliflar beradi.

Bolalar ombudsmaniga mansabdor shaxslarga qonunchilik buzilishiga yo`l qo`ymaslik to`g`risida ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish huquqi berilmoqda. Bunday huquq Bolalar ombudsmani faoliyati ta`sirchanligini oshiradi. Xususan, bu bola manfaatlarini buzilishiga yo`l qo`ygan har qanday mansabdorga tegishli chora ko`rilishiga erishish imkonini yaratadi.

Bolalar ombudsmanining Oliy Majlis, Konstitusiyaviy sud, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi majlislarida ishtirok etish va masalalar kiritish huquqi mustahkamlanmoqda. Mazkur huquq orqali Bolalar ombudsmani parlamentda, ijro organlarida va sudlarda bola huquqlarini maxsus himoya qiladi, mazkur organlar e`tiborini aynan bola manfaati ustunligiga qaratadi.

Loyihaga ko`ra surishtiruv, tergov organlari va sud voyaga etmaganlarning hayoti, sog`lig`i yoki jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlarga oid qabul qilgan qaror, hukm (ajrim)lari to`g`risida Bolalar ombudsmanini yozma ravishda xabardor qilishi shart. Bunday xabardorlik natijasida bolalarga qarshi jinoyat faktlari yashirilishi, bunday ishlarning qonunga zid ravishda tugatilishi, tergov qilinmasligi yoki sudda ko`rilmasligi oldi olinadi.

Shu bilan birga, qonun bilan Bolalar ombudsmaniga:

– voyaga etmagan shaxs ishtirok etgan jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish va ulardan ko`chirma nusxalar olish;

–bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida sud jarayonlarida ishtirok etish;

–hukm bilan tanishib, bola manfaatidan kelib chiqib, prokuraturaga hukm ustidan protest bildirish haqida murojaat qilish kabi huquqlar berilmoqda.

    Boshqa yangiliklar