1

“Erim tashlab ketsa-da, qaynonamdan voz kecholmadim”

Mutolaa 03.11.2016, 12:15
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim
“Erim tashlab ketsa-da, qaynonamdan voz kecholmadim”

“Mening haqiqatim” sahifasini muntazam o`qib borganim sabab o`z hayotimni hikoya qilib berish istagi tug`ildi, — deb maktub yo`llagan buxorolik muxlisamiz. — O`qishni tugatishim bilan ishga joylashgani ham qo`ymay dadamning tanishiga uzatishdi. Kuyov bo`lmish musiqa bilim yurtini tugatgan, dunyoqarashi keng, xushmuomala yigit bo`lib, birinchi uchrashuvdayoq ko`nglimga o`tirishdi. To`ydan oldin odamlarning «qaynonalar yomon bo`ladi, ming qilsang ham kelinni o`z farzandidek ko`rmaydi» degan vahimalarini ko`p eshitganim uchun begona uyda biroz cho`chib yurdim…

Lekin qaynonam na muomalasi, na munosabati bilan yomonlik qiladiganga o`xshamasdi. Aksincha, kundan-kunga u kishini o`z onamdek yaxshi ko`rib borardim. Ayniqsa, birinchi farzandimga homilador bo`lganimda qaynonamni yanada yaqindan bilganman. Mahalladagi boshqa kelinlar inqillab kallai saharlab ko`chaga suv sepib, supurib yursa, qaynonam «og`iroyoq holingizda har kuni chelak-chelak suv ko`tarishingiz shartmas, tong-sahardan turmang, birozdan keyin qaynsinglingiz yoki o`zim supirib olaman», deb qo`ymasdi. Uydagi og`ir ishlarni o`g`liga aytib qildirar, «xotining homiladorligida yaxshi qarasang, bolalaring sog`lom bo`ladi, aksincha qilsang, ertaga umring bolalaringni do`xtirma-do`xtir olib yurish bilan o`tadi. Kun bo`yi tik oyoqda ish qilib, asablari charchagan ayolning bolasi ham injiq, yig`loqi bo`ladi», deb tushuntirardi. Turmush o`rtog`im ba`zida «Oyi, keliningizni juda erkalatib yuboryapsiz, ertaga dangasalikka o`rganib qolsa, o`zingizga malol keladi», deb kulib qo`ysa, qaynonam: «Ishing bo`lmasin, kelinimning farosati joyida», deb qo`yardi. 

Qo`shni kelinlarning menga rosa havasi kelardi. Ular homilador holida ham issiq oshxonada tog`ora-tog`ora pishiriq pishirish, xamir qilish, hovliyu ko`chalarni supirish, quchoq-quchoq kirlarni yuvish kabi yumushlarni bajarishardi. Bizning uyda ham bu yumushlar bajarilardi, faqat uni qaynonam, men va qaynsinglim baravariga qilardik. Bir kuni qo`shni kelinlardan biri: «Sizga maza-da, qaynonangizning burnidan ip o`tkazib olgansiz, hamma ishni o`zi qiladi. Bunga qanday erishgansiz, bizga ham o`rgating. Men u yog`im og`riyapti, bu yog`im og`riyapti, deb yolg`ondan inqillasam ham qaynonamning sira joni achimaydi. «Artistlikni qo`yib, ishingizni qiling, biz ham homilador bo`lganmiz», deydi. Lekin siz juda shum ekansiz», deb qoldi. Uyatdan erga kirib ketay dedim. Hech qanaqa shum emasman, dedim-u, qaynona-kelin munosabatimiz tashqaridan qanday ko`rinishini tasavvur etib, xijolat chekdim. Bu gaplarni ichimga sig`dirolmay qaynonamga aytdim. Ular indamay tingladilar-da, keyin: «Ko`chani gapiga e`tibor bermang, turing, kechki ovqatga unnaylik hozir dadangiz bilan eringiz ishdan keladi», deb yana ishga kirishib ketdilar.

Shu tarzda ahil-inoq yashab, ketma-ket farzandlar ko`rdim. Bu orada qaynsinglimni uzatdik. Erim musiqa o`qituvchisi edi, shahar madaniyat bo`limi boshlig`i lavozimigacha ko`tarildi. Qaynonam goh koyib, goh yaxshi gapirib ro`zg`or ishlarini o`rgatdi. Barcha ishlarni o`z zimmamga olib, bolalarni birgalikda katta qildik. Maktabda boshlang`ich sinflarga dars berardim. Ishdaligimda qaynonam bolalarimga qarar, ularni o`qitish, musiqa maktabiga olib borish, mayda-chuyda ishlarni o`rgatish — barcha-barchasi qaynonam o`z zimmasiga olgandi. Ularga o`zingizni ko`p urintirmang, desak «bekordan Xudo bezor» deb qo`yardilar.

Lekin hayot hammavaqt ham bir tekis kechmas ekan. Erim kundan-kunga injiq, qo`rs bo`lib borayotgani etmagandek bu yoqdan qaynsinglimning ham oilasi notinch edi. U ketma-ket uch qiz farzand ko`rgani uchun o`g`il niyatida yana homilador bo`lgandi. Lekin eri «eri yana qiz tug`adigan bo`lsang, tug`ruqxonada to`g`ri onangnikiga jo`naysan», deb tahdid qilishini qo`ymasdi. Oilasi tinch bo`lmaganga yarasha sog`ligini ham yo`qotgan qaynsinglimga shifokorlar tug`ishni taqiqlashdi. Qaynonam goh qiziga, goh o`g`liga qarab, nima qilishni bilmasdi.

Har kuni bazmu jamshidlardan yarim kecha mast holda keladigan erim bir kuni menga: «Uchta bolangni olu, uyimdan yo`qol», dedi. Mastlikda nima deyayotganini bilmayapti-da, deb indamay qo`ya qoldim. Lekin u jiddiy gapirardi... Qo`l ostida ishlaydigan allaqanday xonandaga o`ralashib qolgan erim endi kunda janjal qilar, menga «xotin sifatida o`lgudek zerikarlisan, nuqul uy-joyni qirtishlaganing qirtishlagan, erni kutib olishlarni, noz-karashmalarni bilmaysan!» deb ta`na qilardi. Oilam buzilib ketishidan qo`rqib ko`rmagan choram qolmadi: erimga yaxshi gapirib ham ko`rdim, o`sha xonandaga odam jo`natib yo`lga solishga ham harakat qildim, lekin erim kundan-kunga mendan sovib borardi. Aslida o`ziga qaramay yuradigan ayollardan emasdim, ammo baribir erimga yoqmay qolgandim. Ro`zg`ordagi janjallar bilan bo`lib, qaynsinglimdan xabar olish ham yodimdan ko`tarilgandi. Uni muddatidan oldin tug`ruqxonaga olib ketishganini eshitib, qaynonam ikkalamiz o`sha yoqqa yugurdik. Ahvoli og`irlashib qolgan qaynsinglimni tezda jarrohlik stoliga yotqizishdi, lekin ko`p qon yo`qotgani sabab ahvoli juda og`ir edi. Shifokorlar jarrohlik yo`li bilan bolani olib «Qizaloq, holva» deyishdiyu, quvonishga ham ulgurmay onaning hayotini saqlab qolish uchun kirishishdi. Qiz degan so`zni eshitgan kuyov qutirib ketgandek baqirib-so`kinib daraxtlarni tepa boshladi, «qizingiz ham, qizi ham kerakmas, olib keting», deb qaynonamga udag`aylayotgan mahalda ichkaridan yomon xabar chiqdi… O`zini holsiz kursiga tashlagan qaynonam, «ketdi...» deya oldi, xolos. Bunaqa bo`lishini kutmagan kuyov nima qilishni bilmay dovdiragancha qolaverdi…

Qizining hasratida sog`ligidan ham ayrilgan qaynonamning umri ukol-dori bilan o`tardi. Qaynsinglimning chaqalog`iga qarab qiynalayotganimni ko`rgan qaynonam biroz o`zini qo`lga oldi, qizining uch qizini ham olib keldi. Qudasiga: «Siznikida qizim ro`shnolik ko`rmagandi, qizlari ko`rarmidi. O`lmasam o`zim qarayman, o`lsam kelinimga topshirib ketaman», debdi jahl bilan. Qudasi ham qo`ying, olib ketmang demadi. Shunday qilib endi ettita bola bo`lgandik. Singlisining o`limdan keyin biroz aqlini yiqqandek bo`lgan erim, ko`p o`tmay yana eski hunarini boshladi. Endi yangi bahona topgandi: «Bu uy emas, bozor» deb to`ng`illab chiqib ketardi. 

Aslida bular shunchaki bahona bo`lib, erim o`sha xonandaga allaqachon uylanib olgandi. Bir kuni ishga ketgani bo`yicha qaytib kelmadi… Biz bir uy odam xavotir olib yarim kechasi barcha tanish-bilishlarga qo`ng`iroq qilib, qidirsak, u esa jazmanining uyida tug`ilgan kunini nishonlayotgan ekan…

Erimni o`sha xonandaga boy berdim. Uyga qaytarish uchun ko`p harakat qildim. Hozir ular haqida gapirgim, o`zimni erga urganlarimni, haqoratlarga, mazaxlarga chidaganlarimni esga olgim kelmayapti… Xullas,  erim baribir ketdi. Shundan keyin qaynonam bilan qaynotam o`zgarib qolishdi. Ular ko`zimga qarayolmay mung`ayib o`tirishar, qaynsinglimning qizlari menga ortiqchalk qilmayaptimikan, deb xavotirlanishayotganini sezardim. Erimning nomardligidan yig`lab ado bo`lmasligimga ishim yordam berdi. Endi butun oilaning tashvishi bir o`zimning zimmamda edi.

Bir kuni qaynonam: «Kelin, bizga va qizimning bolalariga qarash majburiyatini olmagansiz, istasangiz ota-onangiznikiga ketishingiz yoki alohida yashashingiz mumkin. Bu nodon bola sizning qadringizni bilmadi, qo`shnilar o`g`li tashlab ketganiga bir yildan oshgan bo`lsa-da, kelinining baxtini bog`lab, xizmatkorlikka olib o`tiribdi deyishyapti…» — dedi yig`lamsirab. Mening ham ko`nglim buzildi keyin ozib-tuzib bir burda bo`lib qolgan qaynonamni bag`rimga bosdim. «Ko`chaning gapiga e`tibor bermang, oyijon. Yuring, ovqatga unnaylik hozir bolalar maktabdan, bog`chadan kelishadi…» — dedim.

Shunday qilib, qaynonamnikida umrbod qoldim. Bolalarimni oyoqqa qo`yishga yordam bergan, og`ir kunimda suyanchiq bo`lgan odamni yordamim kerak bo`lganda tashlab ketarmidim. Unda qaynonamning: «Farosatli kelin tanlaganman», deb maqtanishlari qaerga ketadi…

Erim bizni tashlab ketganiga besh yil bo`ldi, og`ir kunlarimiz ham ortda qoldi. Qaynonam ikkalamiz etti bolani oyoqqa qo`yib, katta qildik. Yaqinda birinchi qizimni uzatyapmiz. Qaynonam: «Dadasini ham to`yga chaqiraylik», deyaptilar. Orqavorotdan eshitib yuribman, erim qilgan ishidan qattiq pushaymon emishu, ammo qaytib kelishga yuzi chidamayotgan ekan. Balki qizining to`yi bahona kelar… 

Xullas, men shunday yashadim. Kimdir eri bo`lmasa-da, umrini qaynona-qaynotasiga bag`ishlagan ahmoq, dedi yana boshqa birov to`g`ri qilibsan, mehnatingning samarasini bolalaringdan topasan, dedi… Keyin nima bo`lishini esa faqat Xudo biladi, asosiysi, ko`nglimga qarshi ish qilmadim, sizlarga etkazmoqchi bo`lgan haqiqatim shu edi…

Dilfuza SOBIROVA qog`ozga tushirdi

Sharhlar

​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
​Shubhaga ergashib…

11.07.2017, 12:11

Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi....
​Yaproqdagi nur

29.06.2017, 14:11

Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har...
​MEHRIBON

28.06.2017, 15:27

Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari. Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…Uch yil muqaddam…Sobira o`zi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1