AsosiyJamiyat

Olmazor tumani hokimligidagi majlisda mahalla raisi yiqilib tushib, vafot etdi

'Olmazor tumani hokimligidagi majlisda mahalla raisi yiqilib tushib, vafot etdi'ning rasmi

Toshkent shahrining Olmazor tumani hokimligida bo`lib o`tgan yig`ilishda mahalla raisi yiqilib tushib vafot etdi. Bu haqda “Daryo”ga shaxsi sir saqlanishini iltimos qilgan manba xabar berdi.

Manbaga ko`ra, hokimiyat mas`ullarining 40 kundan beri davom etayotgan majlisbozligi bir inson o`limiga sababchi bo`lgan. 

Olmazor tumanida 15 oktyabrdan beri har kuni yig`ilish o`tkazilyapti. 40 kundan beri ertalab 07:30 dan 08:30 ga qadar, ba`zan undan ham ko`proq davom etayotgan yig`ilish ishchilarning haq-huquqini poymol qilmoqda, — deydi yig`ishda qatnashib, rais o`limiga guvoh bo`lgan manba. 

Manbaga ko`ra, bugun, 24 noyabr kuni davom etgan navbatdagi majlis paytida, soat taxminan 10:00 larda “Yangi Sebzor” mahalla fuqarolar yig`ini raisi yiqilib tushib, voqea joyida vafot etgan. 

Bu majlisbozlik qachon tugaydi? Har kuni bir soatlab ko`chada sovuqda turyapmiz, — deydi u. 

Voqea haqida xabar bergan manba shaxsi sir qolishini so`radi. 

Surxondaryodagi maktab direktoriga o`xshab ketishni xohlamayman. Lekin majlisbozlik jondan o`tkazib yuboryapti, — deydi bu haqida gapirgan manba. 

Manbaning aniqlashtirishicha, vafot etgan rais Shavkat Murodbekov ismli fuqaro bo`lgan. 

Olmazor tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Vitaliy Tolibjonov voqeani tasdiqlagan, ammo qo`shimcha ma`lumot berolmasligini, ish yuzasidan prokuraturadan axborot olish mumkinligini aytgan.

Darakchi.uz holat bo`yicha ma`lumot olish maqsadida Bosh prokuratura matbuot xizmati bilan bog`landi. 

Hayot Shamsutdinov Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshirish harakatlari olib borilayotganligini va batafsil ma`lumot albatta taqdim etilishini ma`lum qildi.

    Boshqa yangiliklar