O`zbekiston Respublikasi prezidentligiga O`zbekiston XDPdan ilgari surilayotgan nomzod Xatamjon Ketmonov o`zining navbatdagi saylovoldi uchrashuvini o`tkazdi. Namangan viloyatidagi saylovchilar bilan Uchqo`rg`on tuman hokimligining katta majlislar zalida 2016 yil 3 noyabr kuni bo`lgan uchrashuv Onlayn video-konferensiya shaklida tashkil etildi.
Tadbirda nomzodning ishonchli vakili Abdug`affor Qirg`izboev dastavval Xatamjon Ketmonovning tarjimai holi bilan yig`ilganlarni tanishtirdi.
Shundan so`ng, so`z O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosari, partiya fraksiyasi rahbari Xatamjon Abdurahmanovich Ketmonovga berildi.
Xatamjon Ketmonov o`z chiqishida, dastavval, mustaqillik yillarida demokratik islohotlarning ajralmas tarkibiy qismi bo`lmish saylov tizimi bosqichma-bosqich, izchil isloh qilinib, mamlakatimizda xalqaro huquq normalari talablariga, milliy tarixiy an`analarimizga va Konstitusiyamizga mos saylov qonunchiligi tizimi yaratilganiga e`tibor qaratdi.
U o`z ma`ruzasi orqali saylovoldi dasturining asosiy yo`nalishlari yuzasidan yig`ilganlarga batafsil ma`lumot berdi.
Jumladan, dastur partiyaning g`oya va dasturiy maqsadlariga, xususan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining Parlamentdagi ko`pchilik – demokratik kuchlar Blokiga nisbatan o`zini muxolifat deb e`lon qilgani, buning natijasida muxolif fraksiya sifatida ilgari surgan qator g`oyalarga asoslanishini ta`kidladi.
Bu eng avvalo, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, o`sib borayotgan iqtisodiy salohiyatdan aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, kam ta`minlangan qatlamining turmush darajasi ijtimoiy himoyalanganligini doimiy ravishda yaxshilashni ta`minlaydigan iqtisodiyotdagi tartibga soluvchi rolini mustahkamlashdan iboratdir.
Shu nuqtai nazardan, bu yo`nalishda ayniqsa, munosib ish haqi to`lanadigan barqaror ish o`rinlarini taklif etayotgan, birinchi navbatda zaminimizdagi boy mineral xomashyo resurslari va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni ta`minlovchi yuqori texnologik tarmoq korxonalari, xizmat ko`rsatish va servis sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarda mehnatga layoqatli aholi bandligini ta`minlash bo`yicha sa`y-harakatlarni faollashtirish, ushbu sohalarga mamlakatda mavjud bo`lgan bo`sh mehnat resurslarini faol jalb etish masalalariga dasturda alohida ustuvorlik berilmoqda.
Shuningdek, ma`ruzada ta`kidlandiki, turli imtiyozlar berish orqali ish beruvchi va xodim o`rtasidagi norasmiy mehnat munosabatlarini qonun doirasiga kiritish, mehnat muhofazasi qoidalarini buzganlik uchun tadbirkorlarning ma`suliyatini va javobgarligini oshirish va davlat tomonidan qattiq nazorat o`rnatish masalalari nihoyatda muhimdir.
O`z navbatida, Xatamjon Ketmonovning Saylovoldi dasturida o`zi ishlab chiqargan mahsulot hisobiga ichki bozorni to`ldirish narx-navo oshishini oldini olishga qaratilgan tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarishni rivojlantirish hududiy dasturlar ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mas`uliyatini kuchaytirish masalasiga ham alohida e`tibor qaratilayotgani ma`lum qilindi.
Ijtimoiy himoya borasida kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash, mazkur ustuvorlikka amal qilgan holda, etakchi ijtimoiy sohalarning tijoratlashuvini cheklash, jamiyatning barcha a`zolarining ishonchli ijtimoiy kafolatlari ta`minlanishi masalalarida biznes mas`uliyatini oshirishga oid vazifalar ilgari surilayotani ma`lum qilindi.
Shundan so`ng asosiy ma`ruza yuzasidan bir qator ishtirokchilar so`zga chiqdilar.
Ular o`z chiqishlarida nomzod dasturida ilgari surilayotgan - pedagogik ma`lumotga ega, lekin bola tarbiyasi bilan mashg`ul bo`lgani bois vaqtincha ishlamaydigan ayollarning oilaviy maktabgacha ta`lim tarbiyachisi sifatidagi uy mehnatini tashkil etishning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi g`oyasini to`la qo`llab-quvvatlashini bildirishdi.
Shuningdek, so`zga chiqqanlar tomonidan nomzodning dasturida ilgari surilayotgan joylardagi doimiy elektorat manfaatlariga aloqador bo`lgan dolzarb iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarning hal etilishiga ta`sir ko`rsatish masalalarida siyosiy partiyalar va ularning deputatlik birlashmalari huquq va vakolatlarini yanada oshirishga oid dolzarb masalalarni faol qo`llab-quvvatladilar.
So`zga chiqqanlar, saylovchilarni saylov kuni Xatamjon Ketmonovga ovoz berishga chaqirishdi.
Shundan so`ng savol-javoblarga navbat berildi. Unda saylovchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakillaridan atroflicha javob olish imkoniga ega bo`ldilar.





