1

Xatamjon Ketmonov Andijon viloyati saylovchilarini o`zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi

Jamiyat 04.11.2016, 14:59
Xatamjon Ketmonov Andijon viloyati saylovchilarini o`zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi

Joriy yilning 4 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi prezidentligiga O`zbekiston XDPdan ko`rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonov Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Andijon viloyati Bo`z tuman hokimligining katta majlislar zalida bo`lib o`tgan uchrashuv Onlayn video-konferensiya shaklida viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi saylovchilarni qamrab olgan holda tashkil etildi.

Tadbir avvalida nomzodning ishonchli vakili Abdulhamid Nurmatov Xatamjon Ketmonovning tarjimai holi bilan yig`ilganlarni tanishtirdi.

Shundan so`ng, so`z O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosari, partiya fraksiyasi rahbari Xatamjon Abdurahmanovich Ketmonovga berildi.

Xatamjon Ketmonov o`zining navbatdagi saylovoldi uchrashuvida, dastavval, saylovlar demokratiyaning ko`zgusi ekanligini, huquqiy demokratik davlatning asosini tashkil etishini ta`kidlab, istiqlol yillarida barcha sohalarda bo`lgani kabi saylov tizimi ham bosqichma-bosqich, izchil isloh etilgani va mamlakatimizda saylov jarayonlarining qonuniy asoslari yaratilganiga e`tibor qaratdi.

U o`z ma`ruzasi orqali saylovoldi dasturining asosiy yo`nalishlari yuzasidan yig`ilganlarga batafsil ma`lumot berdi.

Jumladan, dastur partiyaning g`oya va dasturiy maqsadlariga, xususan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining Parlamentdagi ko`pchilik – demokratik kuchlar Blokiga nisbatan o`zini muxolifat deb e`lon qilgani, buning natijasida muxolif fraksiya sifatida ilgari surgan qator g`oyalarga asoslanishini ta`kidladi.

Biz uchun asosiy ustuvor yo`nalish, avvalambor, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo`llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilish hisoblanadi, - dedi nomzod o`z dasturi bilan saylovchilarni tanishtirar ekan. Bunda aholi bandligini ta`minlash tizimini zamonaviy usullarni joriy qilish orqali doimiy takomillashtirib borish, kabi ustuvor yo`nalishlar belgilab olinganligini va mazkur yo`nalishdagi vazifalarning samarali amalga oshirilishi uchun “Aholi bandligini ta`minlash – eng asosiy burchimiz”, “Aholi bandligi – ijtimoiy himoyaning eng maqbul yo`li!”, “Har bir inson uchun munosib ish o`rni!”, “Har bir inson uchun munosib ish haqi!” shiorlari ilgari surilishi ta`kidlandi.

Nomzod, ushbu maqsadda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish davomida barqaror ish o`rinlarini yaratish ko`rsatkichlari mazkur dasturlarning muhim mezonlaridan bo`lishini ta`minlash, ishchi kuchi chetga chiqib ketishining oldini olish, buning uchun har yili qabul qilinadigan ish o`rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta`minlash Davlat dasturi ijrosida yangicha yondashuvlarga o`tish, bunda asosiy e`tiborni mehnat bozoridagi talab-taklifni to`liq o`rganish, hisobga olish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tuzishda joriy va istiqboldagi rivojlanish yo`nalishlarini to`g`ri va aniq belgilash, munosib ish haqi to`lanadigan barqaror ish o`rinlarini taklif etayotgan, birinchi navbatda zaminimizdagi boy mineral xomashyo resurslari va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni ta`minlovchi yuqori texnologik tarmoq korxonalari, xizmat ko`rsatish va servis sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarda mehnatga layoqatli aholi bandligini ta`minlash bo`yicha sa`y-harakatlarni faollashtirish, ushbu sohalarga mamlakatda mavjud bo`lgan bo`sh mehnat resurslarini faol jalb etish kerakligi bo`yicha takliflarini ilgari surdi.

Shuningdek, ma`ruzada kichik biznes, uy mehnati, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ta`minlash samaradorligini oshirish, mehnat qonunchiligida ayollarga berilgan huquq va qo`shimcha imtiyozlardan keng foydalanishlari uchun yanada maqbul sharoitlarni yaratish lozimligi ta`kidlandi.

Shundan so`ng asosiy ma`ruza yuzasidan bir qator ishtirokchilar so`zga chiqdilar.

Ular o`z chiqishlarida nomzod dasturida ilgari surilayotgan tegishli mutaxassislarga bo`lgan ehtiyojidan kelib chiqib, kadrlar tayyorlash uchun oliy o`quv yurtlari talabalarining ta`lim shartnomalari to`lovlarini to`layotgan korxonalar va tashkilotlarni rag`batlantirish amaliyotini takomillashtirish zarurligi g`oyasini to`la qo`llab-quvvatlashini bildirishdi.

Shuningdek, so`zga chiqqanlar nomzodning dasturida ilgari surilayotgan oliy va o`rta maxsus ma`lumotga ega mutaxassislar tayyorlash yo`nalishlarini belgilashda korxona va tashkilotlarning kadrlarga bo`lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olish tizimini takomillashtirishga oid dolzarb masalalarni faol qo`llab-quvvatladilar.

Shundan so`ng savol-javoblarga navbat berildi. Unda saylovchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakillaridan atroflicha javob olish imkoniga ega bo`ldilar.

 

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1