Jizzaxda katta tezlikda kelayotgan “Vaz-2107” 5 ta mashinaga borib urildi. Viloyat IIB Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi holat yuzasidan ma`lumot berdi .
Aniqlik kiritilishicha, hodisa 1 dekabr kuni soat 13:30 atrofida “Shodlik” MFY hududidan o`tgan 4R36 Jizzax—Yangi qishloq—Qizilcha avtomobil yo`lida sodir bo`lgan.
“Jiguli” haydovchisi mashinani Forish—Jizzax yo`nalishi bo`ylab haydab ketayotib, boshqaruvni yo`qotgan va ovqatlanish shoxobchasi yonida turgan avtomobillarga borib urilgan.
Natijada “Vaz-2107” haydovchisi bosh miya jarohati bilan Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Jizzax viloyati filialining jonlantirish bo`limiga yotqizilgan. Ushbu transport vositasida bo`lgan ikki nafar yo`lovchiga tez tibbiy yordam ko`rsatilgan.
Hodisa oqibatida “Vaz-2107”dan tashqari 5 ta transport vositasiga moddiy zarar etgan. Hozirda ushbu holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






