Toshkent shahri Mirzo Ulug`bek tumanida joriy yilning avgust oyida qizaloqni majburlab o`pib, uyatsiz harakatlar qilgan erkak haqida xabar bergan edik.
Ushbu holat yuzasidan erkakka sud hukmi o`qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.
Unga ko`ra, jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudida M. I. (1960 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, pensioner, muqaddam sudlanmagan) ga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e`lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudining sudyasi S. Abdug`aniev raisligida Jinoyat-prosessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko`rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko`rib chiqildi.
E`lon qilingan sud hukmiga muvofiq M. I. Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o`n olti yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 50-moddasi (ozodlikdan mahrum qilish) 6-qismi talabidan kelib chiqqan holda 5 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o`tash belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyasiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma`lum qilinadi, deyiladi xabarda.






