6 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Qirg`iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qirg`iziston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog`lik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, qardosh qirg`iz xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Muloqotda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi, bo`lajak tadbirlar rejasi ko`rib chiqildi.
Etakchilar mustahkam do`stlik rishtalari, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik aloqalariga asoslangan O`zbekiston-Qirg`iziston munosabatlari bugun yuqori sur`atda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Turli darajalarda faol muloqotlar va samarali almashinuvlar davom etmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda. Mashinasozlik, elektrotexnika, to`qimachilik, qishloq xo`jaligi va boshqa tarmoqlarda qo`shma kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda. O`zbekiston-Qirg`iziston fondining faoliyati doirasida 11 ta istiqbolli biznes loyihasi moliyalashtirildi.
Hududlararo va madaniy-gumanitar hamkorlik kengayib bormoqda.
Davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashib, infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish muhimligini ta`kidladilar.






