AsosiyJamiyat

Toshkent shahrining bosh rejasi uchun birinchi bosqichda 40 milliard so`m ajratiladi

'Toshkent shahrining bosh rejasi uchun birinchi bosqichda 40 milliard so`m ajratiladi'ning rasmi

Toshkent shahrining bosh rejasini ishlab chiqish uchun poytaxt mahalliy byudjetidan 40 milliard so`m ajratiladi. Xalq deputatlari shahar kengashi 2023 yil 4 dekabrda ushbu moliyalashtirishni tasdiqladi.

Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqovning joriy yil 10 iyuldagi qarorida hokimlik va “ToshkentboshplanLITI” DUK o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri shartnoma tuzilgan. Unga ko`ra, birinchi bosqichda mahalliy byudjetning qo`shimcha manbalari hisobidan 40 milliard so`m ajratilishi ko`zda tutilgan.   

“Yangi Toshkent”ning bosh rejasini inobatga olgan holda, loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish va xorijiy loyiha kompaniyalarini tanlash bo`yicha tender tashkil etish bilan bog`liq tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.    

Kengash vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, xo`jalik birlashmalari, banklar va direksiyalarning ishini muvofiqlashtiradi va vazifalarini belgilaydi, investorlarning loyiha takliflarini ko`rib chiqadi va “Yangi Toshkent” bosh rejasini tasdiqlaydi. Unga o`zgartirishlar kiritadi, shuningdek, er uchastkalarini bosqichma-bosqich o`zlashtirish masalalarini ko`rib chiqadi va kimoshdi savdosiga qo`yiladigan er uchastkalarining dastlabki qiymatini belgilaydi. Bundan tashqari, organ to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar tuzish orqali loyiha-pudrat tashkilotlari va boshqa mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo`ladi.  

Ma`lumot o`rnida aytish joiz, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O`rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 720 gektar er tanlab olingan. Birinchi bosqichda 2,5 ming gektarda 100 ming aholi uchun uy-joylar va infratuzilma ob`ektlari qurish rejalashtirilgan.  

Yangi Toshkent “aqlli” va “bog` shahar” bo`lishi nazarda tutilmoqda. Ma`muriy markazda davlat idoralari, Yangi O`zbekiston universiteti, kutubxona, Tarix muzeyi, madaniyat saroylari joylashadi. Shuningdek, shaharda ishbilarmonlik va innovasiya tumanlari, ta`lim, tibbiyot va turizm klasterlari bo`ladi.    

420 gektar maydonda markaziy bog`, mavzelar orasida sun`iy kanal va ko`llar, Chirchiq va Qorasuv daryolari bo`yida sayilgohlar tashkil qilinib, odamlarning dam olishi uchun so`lim sharoitlar yaratiladi. “Toshkentning yashil belbog`i” loyihasi shu joydan boshlanadi.    

    Boshqa yangiliklar