Jinoyat ishlari bo`yicha Sergeli tuman sudi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “e”, “z” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan R.O.ga (ism-shariflar o`zgartirilgan) besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Voqea tafsiloti haqida gapiradigan bo`lsak, R.O. Milliy gvardiyaga qarashli Toshkent viloyati Qo`riqlash boshqarmasida nazoratchi vazifasida ishlagan. Oliy ma`lumotli, oilali, ikki nafar farzandning otasi bo`lgan bu kimsa oqibatni o`ylamagani uchun jinoyat yo`liga kirgan.
2022 yilning avgust oyida R.O. “Telegram”da berilgan e`lonni o`qib qoladi. Unda poytaxtdagi xonadonlardan birida massaj xizmati ko`rsatilayotgani haqida ma`lumot berilgan edi. R. e`londagi qizni ko`rib, yoqtirib qoladi va u bilan tanishishga qaror qiladi. Ertasi kuni e`lon bo`yicha o`sha xonadonga borganda eshikni e`longa qo`yilgan rasmdagi qiz emas, boshqa biri ochadi. O`zini “Zarina” deb tanishtirgan, keyinchalik haqiqiy ismi ma`lum bo`lgan Farzona rasmdagi qiz opasi Sevara ekanini, u hozir uyda yo`qligini aytadi.
Ammo R.O. qiz reklamaga boshqa rasmni qo`yib, odamlarni aldagan, degan fikrga boradi va jahl otiga minadi. Farzonaga o`zini ichki ishlar tizimida xodimlarning faoliyatini o`rganuvchi shaxsiy xavfsizlik xizmati xodimi, deb tanishtiradi. Hududda ishlayotgan profilaktika inspektori yoki boshqa biron-bir ichki ishlar xodimining noqonuniy xatti-harakatlari bo`yicha ma`lumotlar bor-yo`qligini so`raydi.
Shundan so`ng Farzona opasi Sevaraga qo`ng`iroq qiladi va u bilan gaplashishini so`raydi. R.O. Sevaraga o`zini ichki ishlar tizimida shaxsiy xavfsizlik bo`yicha xodim deb tanishtirib, Ichki ishlar xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari haqida ma`lumot berib tursa, o`zining himoyasi ostiga olishi, fohishalik bilan shug`ullanishiga xalaqit beradigan ichki ishlar xodimlaridan qo`riqlashini aytadi. Sevara o`zini hech kim bezovta qilmayotganini bildiradi. Shundan keyin R. S. Yo. bilan tanishib, gaplashib yuradi.
Bir gal uchrashganlarida Sevara R.O.ga yashash va ijara haqi uchun pul topishga qiynalayotganidan yozg`iradi, moddiy ahvolini yaxshilab olish uchun Turkiya davlatida yashovchi xolasining oldiga ketmoqchi ekanini aytadi.
– Xorijda yaxshigina pul topishning imkoni bor, – deydi R.O. unga javoban. – Senga yordam beraman. Madina ismli tanishim Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida fohishalik bilan shug`ullanadi. Xohlasang, uning oldiga yuborishim mumkin.
Bir necha kundan so`ng Sevara R.O.ning taklifiga rozi ekanini aytadi. Anchadan beri juvonni qarmog`iga ilintirish payida yurgan R.O. uchun ishqiy maqsadini amalga oshirishda bu ayni muddao bo`lib tuyuladi. U Sevarani o`zi bilan tog`li hududga dam olish uchun borishga undaydi. Ammo erkakning taklif va talabini turli bahonalarni vaj qilgan juvon rad etadi. Bundan g`azablangan R.O. juvonni qo`rqita boshlaydi.
Po`pisadan vahimaga tushgan opa-singil R.O.dan qutilsak, degan maqsadda yashash joyini o`zgartiradi. Biroq R.O. ularning yangi ijara uyini ham topib boradi.
– O`sha senga aytgan tanishim Madina xorijda fohishalik bilan shug`ullanib, yaxshigina pul topibdi, – deydi u bir safar kelganida. – Yaqinda Toshkentga qaytib, uy olmoqchi emish.
Ijarada yashash uchun uy axtarib yurish joniga tegib ketgan Sevara bu gapni eshitgach, Madinaga havasi kelib ketadi. Oradan bir necha kun o`tgach, R.O. Sevaraga qo`ng`iroq qilib, xorijga chiqish uchun fuqarolik pasporti olishni buyuradi. Tez orada viza bilan aviachipta tayyor bo`lishini aytib, buning uchun Madinaga 2 ming 600 AQSh dollari berishi kerakligini uqtiradi.
– Keyinchalik ishlab topgan pulingning ellik foizini Madinaning opaxoni bo`lgan uy egasiga berasan, qolgan ellik foizi o`zingniki, – deydi R. Omontoshev. – Seni Dubayga jo`natganim uchun menga ham 2 ming AQSh dollari yuborishing kerak.
Bo`lib o`tgan ana shu suhbatdan so`ng R.O. juvonga tanishining telefon raqamini beradi, “Telegram” orqali u bilan gaplashib olishi lozimligini aytadi. Sevara Madina bilan bog`lanib, u erdagi tartib haqida so`raganida R.O.ning aytganlariga aynan o`xshash javob oladi.
Sevara obdon o`ylab ko`rib, R.O. o`zini fohishabozlik bilan shug`ullanuvchi shaxslarga sotib yuborayotganini tushunib etadi va bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi idoraga ariza bilan murojaat qiladi. Shu orada R.O.ning xorijdagi tanishi Sevaraning nomiga viza hamda “Toshkent – Dubay” yo`nalishi bo`yicha uchuvchi samolyotga chipta olib, ularni “Telegram” orqali yuboradi.
Odamfurushlik ortidan boyish ilinjida yurgan R.O. 2022 yilning 29 oktyabr kuni tonggi soat beshlarda Sevarani Toshkent xalqaro aeroportidan Dubay shahriga kuzatib qo`yayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo`lga olinadi.
Butun dunyo mamlakatlari, jumladan, yurtimizda ham odam savdosiga qarshi keng qamrovli kurash olib borilayotgan bir paytda R.O.ning Milliy gvardiya xodimi bo`lgani holda ushbu jinoyatga qarshi kurashish, uning oldini olish choralarini ko`rish o`rniga bunday og`ir qilmishga qo`l urganini aslo oqlab bo`lmaydi.