Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev Germaniyaning "Aconnecta" kompaniyasi bosh direktorlari Anastasiya Kol va Aleksey Sverdlov bilan uchrashdi.
Unda O`zbekiston fuqarolarining tashkiliy tarzda Germaniyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish sohasida aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida vazirlik va mazkur tashkilot o`rtasida hamkorlik to`g`risida Memorandumi hamda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi bilan «Aconnecta» kompaniyasi o`rtasida Bitim imzolandi.
Endilikda germaniyalik hamkorlar bilan O`zbekiston fuqarolarini Germaniyaga jo`nab ketish oldidan kasb-hunarga o`qitish hamda tayyorlash bo`yicha loyiha ishga tushiriladi.
Loyiha doirasida mamlakatimizdagi kasb-hunarga o`qitish markazlarida Germaniya standartlari asosida hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash kurslari yo`lga qo`yiladi. Kelgusi yilda 400 nafar hamshiralarni Germaniya klinikalarida ishlash uchun yuborish rejalashtirilmoqda.
O`quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan fuqarolarni Germaniyada munosib ish va yashash sharoiti bilan ta`minlash hamda ularni ijtimoiy-huquqiy himoyalash bo`yicha ikki tomonlama choralar ko`riladi.