COP28 — BMT iqlim konferensiyasi doirasida Milliy moslashuv rejalarini (MMR) amalga oshirishga bag`ishlangan yuqori darajada tadbir o`tkazildi.
Unda BMTning Iqlim o`zgarishi bo`yicha konvensiyasi (UNFSSS) Ijrochi direktori Saymon Still, O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Bosh kotib o`rinbosari, eng kam rivojlangan mamlakatlar, dengizga chiqish imkoni bo`lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar va rivojlanayotgan kichik orol davlatlari bo`yicha boshqarmasi oliy vakili Rabab Fatima xonim, Chad Atrof-muhit, baliqchilik va barqaror rivojlanish vaziri Mahamat Abdelkerim Xanno, Zambiya Yashil iqtisodiyot va atrof-muhit vaziri Kollinz Nzovu va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirda nutq so`zlagan A. Abduhakimov O`zbekistonning iqlim o`zgarishi bo`yicha samarali moslashuv bo`yicha chora-tadbirlar ko`rish tarafdori ekanligini bildirdi. Shuningdek, Konvensiya kotibiyati bilan MMRni ishlab chiqishda resurslarni jalb qilish va texnik yordam ko`rsatish istiqbollari muhokama qilindi.
Asosiy maqsad mamlakatlar, jumladan, kam rivojlangan davlatlar, rivojlanayotgan kichik orol davlatlari va boshqa zaif mamlakatlarga iqlim o`zgarishiga moslashishga yordam beradigan g`oyalar va strategiyalarni aniqlashga qaratildi. Shuningdek, iqlim barqarorligiga erishish uchun transformasiya va uni amalga oshirishni jadallashtirishning asosiy jihatlariga to`xtalib o`tildi.
UNFSSS Ijrochi kotibi Saymon Still iqlim barqarorligiga erishish uchun MMR muhim ekanligini ta`kidladi. Boshqa davlatlar vazirliklari rahbarlari ham asosiy moslashuv masalalari bo`yicha o`z pozisiyalarini bildirdilar. Muhokamalarda asosiy e`tibor mablag`lardan uzoq muddat foydalanish imkoniyatlariga qaratildi.
Rabab Fotima xonim o`z nutqida 2024 yil iyun oyida Ruandaning Kigali shahrida bo`lib o`tishi rejalashtirilgan BMTning Uchinchi Konferensiyasida Milliy moslashuv rejalari va mintaqaviy hamkorlik kabi tashabbuslarni ilgari surish lozimligini qayd etdi. Zambiya Yashil iqtisodiyot va atrof-muhit vaziri Kollinz Nzovu esa MMRni rivojlanish strategiyalariga integrasiyalash uchun salohiyatni oshirish lozimligini ta`kidlab, taklif etilayotgan mexanizmlar va xavflarni baholashni soddalashtirishni taklif qildi.
Tadbir yakunida BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan 30 ta davlatda Milliy moslashuv rejalarini ishlab chiqish qo`llab-quvvatlanishi borasida kelishuvga erishildi.






